Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.08.2017 21:03 Chop etish versiyasi

Faxriy unvonlar topshirildi

Toshkent shahar hokimligida Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti Cho Chung Vonga Toshkent shahri faxriy fuqarosi va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti faxriy fan doktori unvonlarini topshirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda deputatlar, sport mutasaddilari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, talabalar, sportchi yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov Cho Chung Vonga Toshkent shahri faxriy fuqarosi va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti faxriy fan doktori unvonlarini topshirdi.

Tadbirda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik barcha jabhalarda, jumladan, sport sohasida izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi. Bunda mamlakatimizning Butunjahon taekvondo federatsiyasi bilan aloqalari muhim ahamiyatga ega ekanligi, shuningdek, mazkur xalqaro tashkilot prezidenti Cho Chung Vonning xizmatlari yuqori bo‘layotgani alohida ta’kidlandi.

– Bugun tinchlik shahri – Toshkentning faxriy fuqarosi bo‘lish, O‘zbekistonning nufuzli oliy ta’lim muassasasi faxriy fan doktori unvoniga munosib ko‘rilishim men uchun faxrli voqea bo‘ldi, – dedi Cho Chung Von. – Bunday yuksak e’tibor menga yanada kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi.

Tadbirda senator Agrepina Shin, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston koreys madaniyat markazlari uyushmasi raisi Viktor Pak va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, sportni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar, O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligining istiqbollari xususida so‘zladi.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
2 075






Все о погоде - Pogoda.uz