O‘zA O`zbek

19.05.2019 12:02 Chop etish versiyasi

Fattoh Shodiyev: “Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining Toshkent filiali ochilishini orzu ham qilmagan edik”

Fattoh Shodiyev: “Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining Toshkent filiali ochilishini orzu ham qilmagan edik”

Avval xabar berganimizdek, Toshkent shahri Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti bitiruvchilarining V xalqaro forumiga mezbonlik qilmoqda. Ushbu nufuzli tadbirda 32 mamlakatning hukumat, parlament aʼzolari, siyosatchilar, diplomatlar, yirik xorijiy kompaniyalar rahbarlari va MDXMI vakillari qatnashmoqda. Ularni Rossiyadagi eng nufuzli oliy taʼlim muassasasi - MDXMIda kechgan talabalik yillari birlashtirib turadi.

Forumning ochilishida Yevroosiyo banki direktorlar kengashi, MDXMI Vasiylik kengashi aʼzosi, “Eurasian Resurces Group” kompaniyasi asoschilaridan biri Fattoh Shodiyev ham soʻzga chiqdi.

F.Shodiyevning qayd etishicha, 75 yillik tarixga ega MDXMI ning ilk toʻlaqonli filiali aynan Toshkentda ochilayotgani Oʻzbekiston-Rossiya munosabatlarida oʻziga xos voqelikdir.

- Men ushbu taʼlim dargohida eng yaxshi talabalik yillarimni oʻtkazganman, - dedi F.Shodiyev. - Biz oʻzbek bitiruvchilari bir kun kelib Toshkentda Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining filiali ochilishi mumkinligini orzu ham qilmagandik. Bu Oʻzbekiston yoshlari uchun katta imkoniyatdir. Men bundan juda-juda mamnunman!

Bugungi qadar MDXMIni 400 dan ziyod vatandoshimiz bitirgan. Ular orasida davlat arboblari, olimlar, yirik ishbilarmonlar bor. Ikkinchi jahon urushi faxriysi, olim Qoʻchqor Xonnazarov, “USM Holdings” asoschisi, MDXMIning Vasiylik kengashi raisi oʻrinbosari Alisher Usmonov, Yevroosiyo banki direktorlar kengashi aʼzosi, “Eurasian Resurces Group Sa.r.I” (“ERG”) kompaniyasi asoschilaridan Fattoh Shodiyev shular jumlasidan.

Maʼlumot oʻrnida, joriy yilning 15 iyunidan MDXMIning Toshkent filialga qabul boshlanadi, dastlabki oʻquv yili uchun bakalavriat va magistratura yoʻnalishlari boʻyicha 75 ta talaba qabul qilish rejalashtirilgan.

Malohat Husanova, OʻzA
3 458