O‘zA O`zbek

01.08.2018 12:45 Chop etish versiyasi

Farzandingiz nazoratingizdami?

Farzandingiz nazoratingizdami?

JINOYAT HAQIQATI VA ADOLAT

Farzandning xulq atvori, axloqining qay darajada shakllanishi uning oilasi, ota-onasiga bog‘liq. Oilada nazoratsizlik, nosog‘lom muhit vujudga kelgan bo‘lsa, farzand tarbiyasiga putur yetishi shubhasiz.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, avvalo, inson manfaatlari, qolaversa, kelajagimiz egalari – navqiron avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashga yo‘naltirilgan.

Yoshlarning zamonaviy bilim cho‘qqilarini egallashi, o‘z iqtidori va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratish barobarida voyaga yetmagan yoshlarimizning turli jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etishining oldini olish bo‘yicha ham tizimli ishlar bajarilmoqda. 

Poytaxtimizning Shayxontohur tumanida ham voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bunda tuman hokimligi, xalq ta’limi, ichki ishlar bo‘limlari, Yoshlar ittifoqi tuman kengashi, o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda ta’lim muassasalarida olib borayotgan uchrashuvlar muhim ahamiyat kasb etayotir.

Tumanda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni foydali ishlarga yo‘naltirish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan joriy yilning yanvar-iyul oylarida “Giyohvandlikka qarshi”, “Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish”, “Jaholatga qarshi ma’rifat” kabi 260 dan ziyod ma’naviy-ma’rifiy hamda profilaktik tadbirlar tashkil etildi. Buning natijasida darsga muntazam ravishda qatnashmasdan kelayotgan 30 nafar voyaga yetmagan o‘quvchi (8 ta maktab, 22 ta kollej-litsey o‘quvchilari) maktabga qaytarildi. Davomati past yoki doimiy ravishda dars qoldirayotgan o‘quvchilar va ularning ota-onalariga 70 ga yaqin hujjatlar rasmiylashtirilib, tuman hokimiyati huzuridagi Voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyasiga yuborildi. Huquqbuzarlik va jinoyat qilishga moyil bo‘lgan 56 nafar voyaga yetmagan shaxs, 14 nafar yosh hamda 16 nafar farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ota-ona profilaktik hisobga olindi.

– Ko‘pchilik ota-onalar farzandini moddiy ta’minlash bilan chegaralanib, tarbiyaga ikkinchi darajali ish sifatida qaramoqda. Natijada hayotning past-u balandiga tushunmaydigan, hali voyaga yetmagan o‘smir osongina yo‘ldan adashib qolmoqda, – deydi Shayxontohur tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Doniyor Rahmatov. – Tuman miqyosida doimiy ravishda o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlarimiz ijobiy natija bermoqda. Jumladan, mahallalar, ko‘chalar faollari va mahalla nozirlari bergan tavsiyalarga ko‘ra, profilaktik hisobda turgan 50 nafar voyaga yetmagan shaxs tarbiyasi yaxshilangan, 7 nafar farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ota-onaning turmush tarzi ijobiy tomonga o‘zgargan. Shu bois ular profilaktik hisobdan chiqarildi.

Tuman ichki ishlar bo‘limi bergan ma’lumotiga ko‘ra, yoshlar bandligi masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 6 oy davomida yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik huquqbuzarlik va jinoyat kelib chiqishini oldini olish, bandligini ta’minlash bo‘yicha tuman mutasaddilari bilan hamkorlikda 420 nafardan ziyod fuqaro ishga joylashtirilgan, shundan 254 nafarini yoshlar tashkil etadi.

Profilaktika inspektorlari tomonidan voyaga yetmaganlarga ta’lim-tarbiya berish majburiyatini bajarmagan ota-onalar bilan muntazam tushuntirish ishlari olib borilib, ogohlantirishlar berilmoqda, ularning harakatlari mahalla faollari orasida keng muhokama etilmoqda.

– Farzand tarbiyasi, odob-axloqi u voyaga yetayotgan muhitga ko‘p jihatdan bog‘liq, – deydi tumandagi “Ko‘kcha” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sanjar Karimov. – Shu bois ham ajdodlarimiz bir bolaga yetti mahalla ota-ona, deb bejiz aytishmagan. Tarbiya to‘g‘ri olib borilmagan oilada bola xudbin bo‘lib ulg‘ayadi. Unda halol mehnatga, kasb-kor egallashga yoki bilim olishga bo‘lgan layoqat asta-sekin yo‘qola boradi. Oxir-oqibatda bu uni jinoyat ko‘chasiga boshlab boradi. Shuning uchun bola tarbiyasiga sovuqqonlik bilan qaragan, farzandlarining xatti-harakatlariga beparvo bo‘lgan ota-onalar bilan uchrashib, ularga doimiy ravishda tushuntirishlar beryapmiz.

Psixologlarning ta’kidlashicha, ota-onalar yoxud ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolalarga ularning yoshi, ruhiyati va dunyoqarashidan kelib chiqib munosabatda bo‘lmaslik, noto‘g‘ri tushuntirish yoki qo‘pol so‘zlar bilan ongiga ta’sir etish oqibatida bola tarbiyasida nuqson hosil bo‘ladi. Natijada o‘zi qilayotgan ishining mohiyatini to‘liq tushunib yetmagan o‘smir turli huquqbuzarlik yoki kichik jinoyatlarga qo‘l uradi.

Tumanda ijtimoiy-ma’naviy muhiti notinch oilalardagi farzandlar tarbiyasi va manfaatlarini muhofaza qilish, oiladagi vaziyatni barqarorlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad qarovsiz yurgan voyaga yetmaganlarni nazoratga olish, ularni foydali mashg‘ulotlarga jalb qilishdan iboratdir.

Yoshlarning maktabdan bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular orasida sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni keng joriy etish maqsadida sportning 20 dan ortiq turi bilan doimiy ravishda shug‘ullanish uchun barcha sharoit yaratilgan. “Umid nihollari”, “Sog‘lomjon polvonjon”, “Futbolimiz kelajagi”, “Sog‘lom farzand yurt kelajagi” kabi sport musobaqalari jismoniy tarbiya va sport ular hayotining ajralmas qismiga aylanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tumanda voyaga yetmagan yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish maqsadida maktab, maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida duradgorlik, kulolchilik, tikuvchilik, to‘quvchilik, rassomchilik bo‘yicha o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yilgan. Yoshlar mohir hunarmandlardan kasb sirlarini muntazam ravishda o‘rganmoqda.

Davron Sunnatov, O‘zA
2 836