O‘zA O`zbek

15.02.2019 Chop etish versiyasi

Farzand tarbiyasida masʼuliyat hissi

Farzand tarbiyasida masʼuliyat hissi

Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 243-umumtaʼlim maktabida Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi, Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligi va qator davlat tashkilotlari hamkorligida amaliy seminar boʻlib oʻtdi.

“Men shu aziz Vatan farzandiman!” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari, faxriylar, IIB xodimlari, pedagoglar, oʻquvchi-yoshlar, ota-onalar ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega bilimli yoshlarni tarbiyalash, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, gʻoya va tashabbuslarini ragʻbatlantirish borasida samarali ishlar qilinayotganini taʼkidladi. Yoshlar intellektual va ijodiy salohiyatini namoyon qilishi uchun barcha sharoit yaratilgani haqida aytildi.

“Ota-onaning farzandlari oldidagi masʼuliyati”, “Oʻqituvchining oʻquvchilar oldidagi muhim vazifalari”, “Ota-ona – farzand, oʻquvchi –oʻqituvchi, ota-ona – oʻqituvchi oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va munosabatlarni mustahkamlash” kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.

– Farzand tarbiyasi juda nozik, oʻz navbatida muhim masala boʻlgani bois, biz bu borada juda ehtiyotkor va eʼtiborli boʻlishimiz kerak, – dedi Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Olmazor tumani kengashi raisi oʻrinbosari Samigʻjon Hikmatov. – Shunday ekan, ularga taʼlim-tarbiya berishda ota-onalar, taʼlim maskanlari qatorida mahallalar ham birgalikda ishlashi lozim. Bugungi seminarda shu kabi masalalar boʻyicha fikr-mulohazalar, takliflar bildirildi.

1 114
Gulnoza BOBOYEVA, OʻzA muxbiri