O‘zA O`zbek

01.05.2020 Chop etish versiyasi

Farzand tarbiyasi – ulkan masʼuliyat

Farzand tarbiyasi – ulkan masʼuliyat

Yaratganga beadad shukrlar boʻlsinki, dunyoga koronavirus degan ofat tarqalgan, shu tufayli karantin tartibi joriy etilgan bugungi kunda ham xalqimizga Ramazon roʻzasini tinchlik-osoyishtalik, xotirjamlik bilan ado etishlik nasib etmoqda.

Ushbu muborak oyda imon-eʼtiqod bilan qilinadigan duolar mustajob boʻladi. Chunki bu oyda Alloh taolo bandalariga osmon eshiklarini ochib, har bir duo qilguvchining duolarini ijobat qiladi.

Ramazon oyining roʻzasini tutish biz moʻminlarga Alloh farz qilgan ibodat hisoblanadi. Shu muborak kunlarda, buyuk imkoniyatlar oyida ixlos bilan Allohga va oxirat kuniga imon keltirib, sidqidildan roʻza tutsak, ibodatimizga riyo, taʼma va ixlosga putur yetkazadigan boshqa holatlarni aralashtirmasak kelajak uchun katta bir zodi rohila tayyorlagan boʻlamiz.

Bu oyning fazilati nihoyatda ulugʻdir. Alloh taolo oʻzining kalomida: “Ey moʻminlar, taqvoli kishilar boʻlishingiz uchun sizlardan ilgari oʻtganlarga farz qilingani kabi sizlarga ham sanoqli kunlarda roʻza tutish farz qilindi”, (“Baqara” surasi, 183-oyat). Alloh taolo roʻzaning farzligini moʻminning taqvosiga qayd qilgandir. Rasululloh (s.a.v.) aytganlaridek, bu oyning avvali, yaʼni birinchi oʻn kunligi rahmat, ikkinchi oʻn kunligi magʻfirat va uchinchi oʻn kunligi esa doʻzaxdan najotdir.

Karantin sabab juda koʻp insonlar oilasi bagʻrida, oʻz uyida qolmoqda. Farzandlarimizga bogʻcha, maktab, kollejdan taʼtil berilgan. Butun oila jamul-jam boʻlib sinovli kunlarni oʻtkazmoqda. Bu holatdan ham bir hikmat izlashimiz kerak. Mana shu kunlarni gʻanimat bilib, farzandlar tarbiyasi, odob-axloqi, ilm olishi, sovobu gunoh nima ekanligini yaxshi bilib olish, ularda mehnat koʻnikmasini mustahkamlash maslalariga alohida eʼtibor qaratmogʻimiz muhimdir.

Farzand tarbiyasi ulkan masʼuliyat, dinimizda farzandga risoladagidek taʼlim-tarbiya berish ota-onaning eng muhim vazifalaridan biri sifatida qaraladi. Shu oʻrinda ota-onalar yaxshi bilib olishlari kerakki, inson hech qachon komillikka ilmu odobsiz erisha olmaydi. Shu sabab farzandlarimizni ilmli, yuksak odob-ahloqli qilib tarbiyalash biz uchun ham qarz, ham farzdir.

Alloh taolo ilm oʻrganishni har bir erkagu ayol zimmasiga farz qildi. Qurʼoni karimning ilk nozil boʻlgan oyati ham “Iqro” – “Oʻqi” degan amr bilan boshlanuvchi suradir. Alloh taolo ilm sohiblarining maqomini koʻtarib, Qurʼoni karimda shunday marhamat qiladi: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng boʻlarmidi?!” (“Zumar” surasi, 9-oyat). Ushbu oyati karimadan shunday xulosa chiqaraylikki, farzandlarimizni maqomi baland inson boʻlishligi uchun ularning qalbiga ilm-maʼrifat, odob-axloq mezonlarini oʻchmas qilib muhrlashimiz darkor. Bu masalada hayotimizga, chor-atrofga bir razm solib koʻraylik. 

Ilm sohiblari, yaxshi tarbiya koʻrgan odob-ahloqli kishilar savob-gunohning, yaxshi-yomonning farqiga yetib, ish tutmoqdalar. Yaqinlariga, el-yurtga manfaat keltiradigan ibratli ishlarning boshini tutgan. Ming afsuski, ilm olmagan, yaxshi tarbiya koʻrmagan ayrim kimsalar esa har qadamda gunoh ishlarga qoʻl urmoqda, odamlarga aziyat yetkazib, jamiyatimizda noxush holatlarni koʻpaytirmoqda.

Taʼlim-tarbiyada oiladagi muhit, ota-onaning shaxsiy namunasi muhim rol oʻynaydi. Dono xalqimiz “Qush uyasida koʻrganini qiladi” deb bejizga aytmagan. Shunday ekan, ota-onalar, avvalo, oʻzlari maʼrifatli, maʼnaviyatli, odob-axloq borasida farzandlariga ibrat boʻlishlari lozim.

Ota-ona farzandining kelajakda yaxshi inson boʻlib voyaga yetishini, hamma havas qiladigan inson boʻlib kamol topishini umid qilar ekan, avvalo, oʻzlari ham ota-onasining qadriga yetib, ular oldidagi farzandlik burchini sidqidildan ado etib, rahmatu duolarini olishlari kerak. Chunki “bu dunyo qaytar dunyo”dir. Shunday ekan, ota-onamizning qanchalik qadriga yetib, ularning hurmatini bajo keltirsak, farzandlarimiz ham bizning qadrimizga yetadigan ahli solih farzandlar boʻladi.

Butun oila aʼzolarining jamligida oʻtayotgan shu kunlarda ota-onalar farzandlarini yoniga olib, diniy, dunyoviy kitoblarni oʻqisin. Paygʻambarlar, xalqimiz ulugʻlari yoki agar ota-onalari oʻtib ketgan boʻlsa, ana shular, bobo va buvilari haqida, ularning ibratli ishlari, mehr-oqibati, odamiyligi haqida gapirsin. Bu bilan farzandlarimiz qalbida dini islomga muhabbat, ota-onaga hurmat, avlodlaridan faxrlanish, yaxshilik, tugʻishganlarga mehr-oqibatli boʻlish tuygʻulari yana-da mustahkamlanadi.

Farzandlarimiz komil inson boʻlishi uchun ularga halol luqma, yaxshi tarbiya berish bilan birga, biz – ota-onalar Alloh taolodan ularning kamolotini soʻrashimiz, ularning haqiga doimiy duoda boʻlishimiz kerak. Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Uch duo mustajobdir. Ularga shak yoʻq. Bular mazlumning duosi, musofirning duosi va ota-onaning farzandiga qilgan duosidir” deyiladi.

Alloh taolo farzandlarimizni yetuk va komil, har ikki dunyoda ham ota-onasiga rahmat keltiradigan, yurtiga, eliga munosib xizmat qiladigan solih va soliha zurriyodlardan qilsin.

Muborak Ramazon oyida oilamiz, farzandlarimiz bilan birga ibodatda, imon-eʼtiqodda Allohning suygan bandalari qatorida boʻlishlikni, koronavirus xastaligi bilan bogʻliq tahlikali kunlar tezroq ortda qolishini, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo boʻlishini soʻrab, duo qilaylik. Yaratgan barcha duolarimizni ijobat qilsin.

Mirzamaqsud ALIMOV,
Andijon viloyati bosh imom-xatibi

2 644
OʻzA