Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.02.2017 16:20 Chop etish versiyasi

Farovonlikka yo‘naltirilgan sarmoyalar

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 10-11-fevral kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurib, hududda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari hamda yirik loyihalar bilan tanishib, xalq bilan muloqot qildi. Bu voha ahliga katta mamnuniyat bag‘ishladi.

– Mazkur tashrif davlatimiz rahbarining saylovoldi dasturida belgilab berilgan ustuvor vazifalar izchillik bilan amalga oshirilayotganini yaqqol namoyon etdi, – deydi Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Rustam Norliyev. – Yoshu keksaning Vatan taraqqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usini, ertangi obod, farovon turmushimizga ishonch hissini yanada yuksaltirib, yangi marralar sari ruhlantirdi. Agrar tarmoqda yuz berayotgan yangilanishlar, istiqbolli loyihalar asosida barpo etilayotgan yangi korxonalar, arzon, zamonaviy va shinam turar joylar, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va sog‘lomlashtirish maskanlari hududning rivojlanish sur’atlari va qiyofasini tubdan o‘zgartirmoqda. Bunday ulug‘vor ishlardan quvonmay, faxrlanmay bo‘ladimi, axir.

Mamlakatimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotning 11 foizdan ziyodi surxondaryolik mirishkorlar hisobiga to‘g‘ri keladi. Viloyat qishloq xo‘jaligini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish ishlari davom ettirilib, turli oziq-ovqat ekinlari yetishtirish, uni qayta ishlash sanoatini keng rivojlantirish, eksportbop mahsulot ishlab chiqaradigan zamonaviy korxonalar barpo etishga e’tibor kuchaytirilayotgani nafaqat viloyat, balki mamlakatimiz agrar sohasini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda o‘tgan yili barcha toifadagi xo‘jaliklarda 966 ming tonnadan ortiq sabzavot, 154,5 ming tonna meva, 208 ming tonnaga yaqin poliz, 135,5 ming tonna uzum yetishtirildi. Vohada eksportbop tabiiy, servitamin oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, ularni zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlash, xorijga eksport qilish aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash bilan birga milliy iqtisodiyotimizni yangi bosqichda rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Termiz tumanida sabzavot mahsulotlari yetishtirib, ularni eksport qilishga ixtisoslashgan “Gold Agro Fresh” agrofirmasi, Angor tumanida qurilayotgan "Angor Gold Fruits", Jarqo‘rg‘on tumanida qurilishi rejalashtirilayotgan “Fabullo stroy servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida meva-sabzavot yetishtirish, saqlash va qayta ishlash loyihalari amalga oshirilmoqda.

– Zamonaviy issiqxonamizda yiliga 30 million dollarlik mahsulot eksport qilishni rejalashtirganmiz, – deydi “Gold Agro Fresh” agrofirmasi rahbari Farhod Sherov. – Issiqxona to‘liq ishga tushgach, yer maydoni 100 gektardan oshadi. Hozir dastlabki 20 gektarda pomidor, gulkaram, brokkoli, rukkolo va yalpizning xaridorgir navlari baravj rivojlanmoqda. Prezidentimiz viloyatga safari davomida faoliyatimiz bilan tanishib, mahsulotlarimizning turini ko‘paytirish, bu yerda anor, limon yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, jamoamiz a’zolari mehnatini yanada rag‘batlantirish borasida qator ko‘rsatmalar berdi.

Viloyatda izchillik bilan amalga oshirilayotgan bunday zamonaviy loyihalar agrar tarmoqning ishlab chiqarish salohiyatini oshirib, xalqimizning tobora o‘sib borayotgan talab va ehtiyojlarini to‘la ta’minlashga xizmat qiladi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
554






Все о погоде - Pogoda.uz