O‘zA O`zbek

02.09.2018 11:36 Chop etish versiyasi

Farovon kunlar shukronasi


Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi arafasida yuz yoshdan oshgan bir guruh yurtdoshlarimiz Prezidentimizning farmoniga muvofiq “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Mukofotlanganlar orasida Fargʻona viloyatining Uchkoʻprik tumani Sariqoʻrgʻon qishlogʻida yashovchi Shahrinsa Pozilova ham bor.

113 yoshni qarshi olgan Shahrinsa momo umrining asosiy qismini hayotning ogʻir sinovlari, urush mashaqqatlari, turmush qiyinchiliklari bilan kechirganini oʻkinch bilan soʻzlasa-da, istiqlol hayotiga yangicha mazmun baxsh etganini shukronalik bilan tilga oladi.

1905-yilda tavallud topgan Shahrinsa ayaning suyagi mehnatda qotgan. Dalada ketmon chopdi, paxta terdi, qurt boqdi. Front ortida erkaklardek shijoat bilan ishladi. Uch nafar farzandini oq yuvib, oq taradi. Kichik dilbandi Zamiraxon ikki yoshga kirganida turmush oʻrtogʻidan ayrilib qolgan edi. Shu-shu ikki oʻgʻil, bir qiziga ham ona, ham ota boʻlib, bor mehrini berdi. Qiyinchilik kelganda sabr, baxt kelganda shukur qildi. Mana, bugun onaxon 40 dan ziyod nevara, chevaralar ardogʻida. Saodatmand momo boʻlib, elu yurtni duo qilib, sokingina oʻtiribdi. U hamisha davlatimiz, mahalla-kuy eʼtiborida ekanligini yaxshi his qiladi.

Eng ulugʻ, eng aziz bayram kunlarida Shahrinsa momo xonadoni har qachongidan gavjum boʻldi. Viloyat hokimi Sh. Gʻaniyev Shahrinsa momoga davlatimizning yuksak mukofoti va esdalik sovgʻalarini topshirdi.

Shahrinsa momo gʻamxoʻrligu bu eʼtibordan koʻngli yayrab, duoga qoʻl ochar ekan eng avvalo yurtga tinchlik, elga xotirjamlik tiladi.

–Hamisha meni yoʻqlab turadigan davlatimdan aylanay, –deydi Sh. Pozilova. – Biz keksalarga alohida eʼtibor qaratgan Yurtboshimgga rahmat! Viloyat rahbarining xonadonimda birinchi bor boʻlishi emas, mana, yana medalni koʻksimga taqqani keldi. Bu yoʻqlovlardan, mukofotu sovgʻalardan boshim koʻkka yetdi.

M. Sulaymonov, OʻzA
2 062