O‘zA O`zbek

12.07.2019 12:53 Chop etish versiyasi

“Farmonda ko‘plab imtiyozlarning bekor qilinishi belgilangan”

“Farmonda ko‘plab imtiyozlarning bekor qilinishi belgilangan”

Soliq va islohot 

Jizzaxda Prezidentimizning 2019 yil 27 iyundagi “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mohiyatini targ‘ib etishga bag‘ishlangan o‘quv-seminar o‘tkazildi.

Unda tadbirkorlik sub’ektlari, fermer xo‘jaliklari, import faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar rahbarlari, hisobchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘quv-seminarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzaev va soha mutaxassislari mazkur farmonda belgilangan tartib-tamoyillarni joriy etish, soliqlar va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berish amaliyotini tartibga solish bo‘yicha ishtirokchilarga batafsil tushuncha berdi.

Ushbu farmonga muvofiq, 2019 yil 1 avgustdan boshlab yagona yer solig‘i to‘lovchisi hisoblangan qishloq xo‘jaligi tovarlarini ishlab chiqaruvchilar ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishlari mumkin. Kalendar yili davomida xizmatlarni realizatsiya qilishdan olgan tushumi 100 million so‘mdan oshgan, biroq bir milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haq summasidan 25 foiz stavkada yagona soliq to‘lovini to‘lashga o‘tishi belgilangan.

Farmonga muvofiq asbest, ko‘mir, yog‘och materiallari, uglevodorod xomashyosi, soya danagi, kungaboqar va kunjut urug‘lari, moyli xomashyo va shakar xomashyosi, qishloq xo‘jaligi texnikasi, avtotransport vositalari, avtotransport vositalarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan butlovchi buyumlar, materiallar va texnologik asbob-uskunalar, yuridik shaxslarning tijorat banklariga joylashtirgan mablag‘laridan foiz ko‘rinishida olingan to‘lov manbaini foyda solig‘idan ozod qilish bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi.

– Mazkur farmonda ko‘plab imtiyozlarning bekor qilinishi belgilangan. – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Abdukarim Eshnazarov. – Farmonning hayotga tatbiq etilishi qo‘shilgan qiymat solig‘ining to‘laqonli zanjirini yaratish va barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun teng sharoitlarni ta’minlash imkoniyatini beradi. Natijada raqobat muhiti yanada yaxshilanadi.

Viloyat davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limining ma’lumotida keltirilishicha, viloyatda 2019 yilning 1 oktabridan soliq rejimi o‘zgaradigan jami 2 ming 420 sub’ekt, shu jumladan, 2 ming 162 ta fermer xo‘jaligi, 204 ta importyor, 54 ta avtomobillarga yoqilg‘i qo‘yish shoxobchasi ro‘yxati shakllantirilgan. Ularga yangi soliq tartiblarini qo‘llashda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida har 10 tasiga bittadan jami 161 ta soliq va moliya xodimlari biriktirilgan.

Toshqul BEKNAZAROV, O‘zA
527