O‘zA O`zbek

05.02.2020 Chop etish versiyasi

Farmatsevtika tizimida “Sirli xaridor” instituti joriy etiladi

Farmatsevtika tizimida “Sirli xaridor” instituti joriy etiladi

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

Jumladan, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Qoriyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi “Respublika farmatsevtika tarmogʻidagi islohotlarni chuqurlashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida belgilab berilgan vazifalar yuzasidan fikr bildirdi.

Qarorga binoan, 2020-yil 1-iyuldan boshlab respublikada mahalliy va xorijiy dori vositalariga referent narxni belgilash tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Unga koʻra, dori vositalarini Oʻzbekistonga import qilish va mahalliy korxonalar tomonidan realizatsiya qilish belgilangan narxlardan yuqori boʻlmagan tartibda amalga oshiriladi.

Shuningdek, 2020-yil 1-iyuldan boshlab mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, respublikaning barcha tibbiyot tashkilotlarida dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomini retsept yozishda qoʻllash tartibi hamda tibbiyot tashkilotlari va dorixonalari tomonidan qonun talablariga rioya etilishini monitoring qilish va baholash maqsadida “Sirli xaridor” instituti joriy etiladi.

22 463
Mohigul QOSIMOVA, OʻzA