O‘zA O`zbek

23.02.2018 14:21 Chop etish versiyasi

Farg‘onaning eng serdaromad mahallasi

Dehqonchilikda mirishkor oilalarning yillik o‘rtacha daromadi 10-35 million so‘m, hududdagi 90 foiz oilada bitta, hatto ikkita-uchtagacha avtomashina bor

Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi “Nayman” mahalla fuqarolar yig‘inida tomorqachilikda o‘ziga xos maktab yaratilgan. Aholi har bir qarich yerdan unumli foydalanib, yaxshi daromadga ega bo‘lmoqda. Hozircha bunday samarali natija asosan naymanliklarning hayotiy tajribasi asosida qo‘lga kiritilayotir. Agar ushbu jarayonga ilm-fan yutuqlari, innovatsion g‘oya va texnologiyalar joriy etiladigan bo‘lsa, yutuqlar salmog‘ini yana bir necha barobar oshirishga erishish mumkin.

Ayni paytda mahalladagi 920 xonadonda 4 ming 885 nafar aholi istiqomat qiladi. Aholi ixtiyoriga berilgan 40 gektar tomorqaning 80-85 foizida issiqxona mavjud. Har yili erta ko‘klamda mazkur issiqxonalarda parvarishlanadigan pomidor, bodring, qalampir, bulg‘or qalampiri, karam, baqlajon singari o‘n millionlab ko‘chat Farg‘ona vodiysi, Sirdaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlari tomorqachilariga yetkazib beriladi. Qish mavsumidayoq buyurtmalar miqdori aniq bo‘lib ulgurishi sababli naymanliklar bozorma-bozor ko‘chat ko‘tarib, xaridor izlab yurmaydi. Hademay mahalla ko‘chalarida boshqa viloyatlardan ko‘chat olishga kelgan salobatli avtomashinalar turnaqator bo‘lib navbat kutadi. Kech kuz va qish chillasidan tuproq changallab chiqqan har bir oila mehnatlari rohatini ko‘radi.

Ko‘chatlar savdosi tugab-tugamay naymanliklar issiqxonasidagi ekinlarning ilk hosil nishonasi bo‘y ko‘rsatadi. Tomorqadan yiliga ikki-uch marta hosil oladigan naymanliklar nafaqat ko‘chat yetishtirish, balki bozorga tayyor mahsulot yetishtirib sotishning ham hadisini olgan. Tomorqada qo‘lbola usulda tiklanadigan kamxarj issiqxonalar tejamkor bo‘lib, u tabiiy usulda (termos usuli: ikki qavatli plyonka o‘rtasiga makkajo‘xori poyasi to‘shaladi, mahalliy o‘g‘itlar yordamida harorat mo‘tadilligi ta’minlanadi) isitiladi. Buning uchun tabiiy gaz yoki boshqa yoqilg‘i vositasi deyarli shart emas.

“Nayman” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Gulsora Hamroqulovaning aytishicha, tomorqadan unumli foydalanish hisobiga mahalla infratuzilmasi, hudud obodligi va oilalar farovonligi tobora yuksalib bormoqda. Hozirgi kunda hududdagi 90 foiz oilaning bitta, ba’zilarida ikkita, hatto uchtagacha avtomashina bor. Xonadonlarda chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirish, o‘rdak boqish, meva-sabzavot yetishtirish ham yaxshi an’anaga aylangan. Mahallada tomorqadan samarali foydalanish bilan birga, tadbirkorlik va hunarmandlik ham jadal rivojlanmoqda, shaharsozlik me’morchiligi an’analari asosida umumiy ovqatlanish, savdo, xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Sobirjon Badalboyev mahalladoshlar o‘rtasida tomorqadan foydalanish borasidagi ana shu yutuqlarning tashabbuskori sifatida hurmat qozongan. Umidjon Egamnazarovlar oilasi ko‘chat parvarishlashda hamisha birinchi ekani, G‘ulomjon Abdurazzoqov xonadoni a’zolari esa, bir paytning o‘zida bir necha turdagi ko‘chatlarni yetishtirish tajribasi bilan tilga tushgan.

– Tomorqa – katta xazina, – deydi G‘.Abdurazzoqov. – To‘rt faslda ham butun oila shu yerdagi yumushlar bilan band bo‘lamiz. Yerga mehr bersangiz, uning javobini ham albatta olar ekansiz. Mana, hademay, bahor ham keladi. Ayni damda issiqxonada pomidor, qalampir ko‘chatlarini parvarishlamoqdamiz.

Aslida mahallada bunday ibratli oilalar ko‘p. Bugungi kunda mahallada 10 xonadon kam ta’minlangan oila maqomiga ega bo‘lib, ushbu oilalar farovonligini yaxshilash uchun mahalladoshlarning o‘zi tashabbus ko‘rsatayotgani ham tahsinga sazovor.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
5 413