O‘zA O`zbek

12.10.2019 Chop etish versiyasi

Fargʻonalik paxtakorlar paxta rejasini bajardi

Fargʻonalik paxtakorlar paxta rejasini bajardi

Fargʻonalik paxtakorlar mamlakatimizda birinchi boʻlib, joriy yilgi paxta topshirish shartnomaviy rejani bajardi. Fermer xoʻjaliklari tomonidan moʻl hosil yetishtirilib, 238 ming 600 tonnadan ortiq paxta xirmoni bunyod etildi, uning aksariyat qismi yuqori navlarga sotildi.

Ha, bugun qadimiy dehqonchilik anʼanalariga ega boʻlgan Fargʻona ahli, uning gʻayrat-shijoati, mirishkorlik fazilatlari yanada yaqqol namoyon boʻldi. Ular ulkan yutuqni qoʻlga kiritdi. Yaxshi xabarning qanoti bor deyishadi. Viloyat paxtakorlarining erishgan zafari bugun barchani behad mamnun etmoqda.

Mamlakatimizda barcha sohalar qatori qishloq xoʻjaligini ham modernizatsiya qilish borasida eng muhim vazifalar aniq belgilab olingan boʻlib, ular izchil amalga oshirib borilayotgani oʻzining amaliy samaralarini koʻrsata boshladi. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan paxtachilikda innovatsion gʻoya-klaster tizimi joriy etildi. Viloyatda ham birinchilardan boʻlib paxta yetishtirishda mazkur tizim oʻtgan yilda birgina Rishton tumanida qoʻllangan boʻlsa, joriy yilda viloyatning 9 ta tumanida paxta-toʻqimachilik klasterlari tashkil etildi.

Mirishkor dehqonlar va mutaxassislarning taʼkidlashicha, paxtachilikda bunday yuqori hosildorlikka erishishning oʻzi boʻlmaydi. Bunda bilim, malaka va tajriba kerak. Viloyatda mineral oʻgʻitlardan notoʻgʻri foydalanish natijasida tuproq tarkibida nitrat meʼyoridan oshib ketgan edi. Natijada paxta hosildorligi pasayib, gʻoʻzaning pishish muddati kechika boshladi. Shuning uchun oʻtgan yil kuzdayoq yerga mahalliy oʻgʻit-kompos solishga jiddiy eʼtibor qaratildi. Lekin buning oʻzi kam edi. Shoʻr yuvish qoidalariga jiddiy eʼtibor qaratildi. Amalga oshirilgan bu ishlar samarasi oʻlaroq yerlar meliorativ holati yaxshilandi.

– Xalqimizda “Yerni boqsang, yer ham seni boqadi”, degan maqol bejiz aytilmagan, – deydi Oʻzbekiston Qahramoni, Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xoʻjaligi rahbari Lolaxon Murotova. – Sohada katta natijaga erishish uchun birinchi navbatda rizq-roʻzimiz manbai boʻlgan yerni boqishimiz, tuproq unumdorligini oshirishimiz zarur. Viloyat hokimi boshchiligida biz ana shu muhim tadbirlarga alohida eʼtibor qaratdik. Shuningdek, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash borasidagi ishlar ham oʻzining samarasini bera boshladi. Gʻalla va paxtadan yuqori hosildorlikka erishilmoqda.Yana muhim jihatlardan biri tuproq-iqlim sharoitiga mos navlarning tanlanganidir. Xoʻjaligimizda joriy yilda 126 gektar maydonda gʻoʻzaning “Namangan-77” navi ekilib parvarishlandi. Hosildorlikni bu yil 50 sentnerga yetkazmoqdamiz.

photo_2019-10-12_11-56-38.jpg

Darhaqiqat, gʻoʻzaning hudud sharoitiga mos navlarini toʻgʻri tanlab joylashtirish, obi-tobida ekish moʻl hosilga qoʻyiladigan talablardan biridir. Joriy yilda 2 ming 149 ta fermer xoʻjaliklari 82 ming 80 gektar maydonga chigit ekdi. Gʻoʻzani navlar boʻyicha joylashtirishda avvalo hududlarning tuproq-iqlim sharoiti, suv taʼminoti hamda sohaning yetakchi olim va mutaxassislari, fermer xoʻjaliklari rahbarlari, shuningdek, klaster korxonalari takliflari inobatga olindi. Gʻoʻzaning “S-8290”, “Namangan-77”, “Sulton”, “S-6524” navlari ekilib, agrotexnik tadbirlarga muhim eʼtibor qaratildi. Dunyo paxtachiligida tola sifati va hosildorligi yuqori, ertapishar, kasallik va zararkunanda hasharotlarga chidamli, tabiatning turli noqulayliklariga bardoshli gʻoʻza navlarini yaratish eng muhim vazifalardan sanaladi. Eʼtiborli jihati, bu yil viloyatda 6 ming 980 gektar maydonda yangi navlar sinovdan oʻtkazildi. Xususan, viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyev boshchiligidagi guruh tomonidan yaratilgan yangi nav iqlimga mosligi, hosildorligi va tolasining sifati bilan dehqonlarga maʼqul boʻlayotir.

Gʻoʻza parvarishi ham muhim jarayon boʻlib, bu ishlar ilgʻor tajribalar asosida tizimli tashkil etildi. Klaster korxonalari tomonidan mineral oʻgʻitlar zaxirasini toʻliq yaratilganligi hamda fermer xoʻjaliklariga vaqtida uzluksiz yetkazib berilishi oʻz samarasini berdi. Innovatsion usul sugʻorish tizimida ham sinovdan oʻtkazildi. 331 gektar maydonda tomchilatib, tuproq sharoiti suvni koʻp sarf qilinadigan maydonlarda 176 komplekt egiluvchan quvurlar orqali sugʻorish joriy etildi.

Viloyatda gʻoʻza parvarishida uning rivojini tezlashtirish va hosildorlikni 3-5 sentnerga oshirish maqsadida biologik faol moddalar-biostimulyatorlar qoʻllandi. Joriy yilda gʻoʻza defoliatsiyasining oʻz muddatida va sifatli oʻtkazilganligi natijasida yetishtirilgan hosilning yogʻingarchilik kunlarga qolmay yigʻishtirib olish imkoniyati yaratildi.

Maʼlumki, dehqonchilikda texnika ham katta oʻrin egallaydi. Klaster korxonalari tomonidan moddiy-texnik bazani mustahkamlash masalasi asosiy vazifa sifatida belgilandi. Joriy yilning oʻzida umumiy qiymati 50 milliard soʻmdan ortiq boʻlgan 40 dona haydov traktori, 100 dona chopiq traktori, 80 dona transport traktori, 120 dona chigit ekish seyalkasi, 90 dona kultivatorlar, 300 dona omoch, 85 dona purkagichlar, 35 dona mineral oʻgʻit sepish moslamalari olib kelinib, agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirilishiga erishildi.

Albatta amalga oshirilgan mazkur ishlar natijasida dalalarda moʻl hosil yetishtirildi. Paxtani qisqa muddatlarda sifatli qilib terib olish, terimga fermer xoʻjaligi aʼzolarini va ish bilan band boʻlmagan uyushmagan aholini ixtiyoriy jalb etish boʻyicha barcha zaruriy choralar koʻrildi.

– Paxta yigʻim-terimini tizimli tashkil etish boʻyicha 1 ming 370 ta terim otryadlari shakllantirilib,ularga 239 ming nafar terimchilarni ixtiyoriy ravishda biriktirib chiqildi, – deydi viloyat hokimi oʻrinbosari Halimjon Umarov. – Paxta xomashyosini yigʻib-terib olishda viloyatdagi 9 ta klaster korxonalari va 4 ta paxta tozalash korxonalari tarkibidagi 44 ta paxta qabul qilish maskanlari, ulardagi 917 ta gʻaram maydonlari, 332 ta paxtani uzatish mexanizmlari, 336 ta transportyorlar, 340 ta laboratoriya jihozlari belgilangan standartlar asosida ishlashi taʼminlandi.

photo_2019-10-12_11-58-41.jpg

Natijalar esa quvonarli. 15 ish kunida viloyatning Yozyovon, Qoʻshtepa, Rishton tumanlari davlatga paxta sotish shartnomaviy rejasini respublikada birinchi boʻlib bajardi. Shuningdek, Toshloq, Furqat, Uchkoʻprik, Buvayda tumanlari ham paxta xirmoniga munosib hissa qoʻshdi. Bugun boshqa tumanlar ham astoydil harakat qilmoqda.

“Bahodir Logʻon tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati joriy yilda Yozyovon tumanida klaster usulida paxta yetishtirib, hosildorlik 30 sentnerni tashkil etmoqda.

–Tailand bilan hamkorlikda 50 million dollardan ortiq investitsiya hisobiga yangi qoʻshma korxonamiz yaqinda ish boshlaydi, – deydi “Bahodir Logʻon tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Ziyohiddin Yormatov. – U yerda zamonaviy texnologiyalar asosida paxta tolasi qayta ishlanib, tayyor mahsulot ishlab chiqariladi. Bu yil ilk bor klaster asosida paxta parvarishlab, bugunga qadar 15 ming tonnadan ortiq hosil xirmonini yaratdik. Terimchilarga 15 milliard soʻmdan ortiq terim pullari berildi. Fermer xoʻjaliklari ham bugun manfaat koʻra boshladi. Biz ularga paxta parvarishi uchun zarur boʻladigan barcha narsani oʻz vaqtida yetkazib berdik.

Yozyovon tumanidagi “Bahrombek”, “Liberal invest, “Xumo”, “Odiljon Gʻofurov Sattorovich, “Xayrullo”, Qoʻshtepa tumanidagi “Vahobjon Abdullajon oʻgʻli”, “Turdaliyev Madamin”, “Rustam Ravshanov yeri”, “Soyibjon Abdujabbor zamini”, “Rovvot zamin fayzi”, “Ibrohimjon Maʼrufjon fayzi”, “Donishmand”, Rishton tumanidagi “Agronom Aliyev”, “Ahrorjon”, “Hasanboy Hamdam”, “Madamin Maxsim”, “Shuhrat fayz zamini” kabi koʻplab fermer xoʻjaliklari birinchi terimda 40-45 sentner hosil olib, shartnomaviy rejani bajardi. Terim puli bank muassasalari tomonidan dalaning oʻzida tarqatilgani, ilgʻor terimchilar ragʻbatlantirilib borilgani kabi omillar elimizning rizq-nasibasini oʻz vaqtida, sifatli yigʻishtirib olinishini taʼminladi.

Bu yil Furqat tumanida “Bulut textile” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan klaster tizimi joriy etilib, paxta yetishtirishga ixtisoslashgan 156 ta fermer xoʻjaliklari bilan shartnoma imzolandi. Shu tariqa tumandagi fermer xoʻjaliklari tomonidan 5 ming 425 gektar yerda istiqbolli paxta navlari parvarishlanib, 16 ming 600 tonna sifatli sanoat xom ashyosi yigʻishtirib olindi.

photo_2019-10-12_11-58-49.jpg

–Paxtachilikda klaster usuli yutuqlarimizning muhim omili boʻlmoqda, – deydi tumandagi “Qushchi” fermer xoʻjaligi rahbari Hayotjon Aliyev. – Bu yil xoʻjaligimiz aʼzolari tomonidan 33,1 gektar yerda “Sulton” nomli paxta navi yetishtirildi. Birinchi terimdayoq reja bajarildi. Bugungacha rejadagi 97 tonna oʻrniga 110 tonnadan ortiq paxta terib olindi. Dalalarimiz hali ham oppoq chamanzor, hosildorlikni 50 sentnerga yetkazishni rejalashtirganmiz.

Viloyat boʻyicha 2019-yilda paxta xomashyosi yetishtirish va terib olish uchun 877 milliard 225 million soʻmdan ortiq mablagʻ sarflandi. Yetishtirilgan paxtadan fermer xoʻjaliklari kesimida olingan aniq hisob-kitoblarga asosan 340 milliard soʻm foyda olinishi kutilmoqda.

Bu yil Fargʻona viloyatida yetishtirilgan paxta tolasining sifati tezda tilga tushdi. Xorijiy davlatlarning kompaniyalari, toʻqimachilik korxonalarining rahbarlari va mutaxassislari paxta maydonlarida boʻlib, tolaning koʻrsatgichlari bilan tanishmoqda. Xususan, “Indorama Kokand Textile” Oʻzbekiston – Singapur qoʻshma korxonasining muassisi-“Indorama Group” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Pratoj Loxiya Fargʻonada boʻlib oʻtgan uchrashuvda mazkur yuqori navli paxtani sotib olish masalalarini ham muhokama qildi.

Fargʻona azaldan mirishkor paxtakorlar, usta bobodehqonlar yurti. Bugungi kunda ham bu ezgu anʼananing munosib vorislari boʻlgan fargʻonalik fermer va paxtakorlar joriy yilgi yutuqlar sarhisobidan mamnun boʻlib, ertangi kun istiqboli umidida ulkan orzu-maqsadlar bilan yangi marralar sari intilmoqda.

Dalalarda qiygʻos ochilgan paxta koʻzni qamashtiradi. Hosil hali moʻl. Fargʻonaliklar mavsum yakuniga qadar hosildorlikni 34-35 sentnerga yetkazishni rejalashtirgan.


photo_2019-10-12_11-58-42.jpg

photo_2019-10-12_11-58-45.jpg

photo_2019-10-12_11-58-44.jpg

photo_2019-10-12_11-58-47.jpg


photo_2019-10-12_11-58-53.jpg

photo_2019-10-12_11-58-51.jpg

photo_2019-10-12_11-58-54.jpg

2 442
M.SULAYMONOV, M.QODIROV (surat), OʻzA