O‘zA O`zbek

10.01.2018 18:33 Chop etish versiyasi

Andijonda ham ixtirochi ayollar bisyor

Andijonda O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Ixtirochi ayollari uyushmasi tomonidan o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston ayollarining 100 eng yaxshi innovatsion loyihasi” I respublika tanlovining viloyat bosqichida saralangan loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

– Innovatsion loyiha va ishlanmalarni hayotga tatbiq etish, ularning mualliflarini rag‘batlantirish, qo‘llab-quvvatlash, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borishiga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazilayotgan tanlov doirasidagi taqdimotda 106 innovatsion g‘oya, loyiha va ishlanmalar namoyish etildi, – deydi Ixtirochi ayollar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Mahfuza Yusupova. – Opa-singillarimiz tomonidan namoyish etilgan loyiha va ishlanmalarning aksariyati mutaxassislar tomonidan yaxshi baholandi.

Yosh olimalar, doktorant, o‘qituvchi, iste’dodli talaba va o‘quvchi qizlar, ixtirochi, muhandis, konstruktor, dasturchi, ratsionalizator, mutaxassis, tadbirkor xotin-qizlar tomonidan taqdim etilgan o‘ziga xos innovatsion loyiha va ishlanmalar ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, Andijon qishloq xo‘jaligi institutining qishloq xo‘jalik iqtisodiyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi Barnoxon Rahmonovaning “Baliqni qayta ishlash va konservalash”, Meva-sabzavotchilik va mahsulotlarni qayta ishlash texnologiyasi kafedrasi assistenti Havasxon Yo‘ldoshevaning “Farg‘ona vodiysi sharoitida zaytun yetishtirish agrotexnikasi” loyihalari, Andijon davlat tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey o‘qituvchilari Bashoratxon Nizomova hamda Nozima Qoraboyeva tomonidan taklif etilgan “Ta’lim jarayonida ilg‘or texnologiyalardan foydalanish orqali o‘quvchilar bilimini oshirish, fanlarni oson o‘zlashtirishning innovatsion usuli” ishlanmasi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Ekspertlar kengashi tomonidan eng yaxshi deb topilgan 10 dan ortiq loyiha tanlovning mamlakat bosqichiga tavsiya etildi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
9 493