Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.09.2017 11:58 Chop etish versiyasi

Farg‘onada “Vatan himoyasi – muqaddas burch” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik tadbirlari o‘tkazilmoqda

Mamlakatimizda zamonaviy harbiy texnika va qurol-yarog‘, professional harbiy mutaxassislarga ega milliy armiyamiz barpo etilgani Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilishni shon-sharaf ishiga aylantirib, mustaqilligimiz va sarhadlarimiz daxlsizligini, xalqimizning tinch-osoyishta hayotini ta’minlashda yuksak samaralar bermoqda. Ayni shu jihatlar yosh avlod qalbida vatanparvarlik va tug‘ilib o‘sgan yurtga muhabbat tuyg‘ulari yuksalishida alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 24-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini isloh qilish va yanada rivojlantirish vazifalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida” hamda 23-avgustdagi "O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faoliyatini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorlari bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Qo‘qon shahridagi “Yoshlik” stadionida “Vatan himoyasi – muqaddas burch” shiori ostida o‘tkazilgan tadbir Farg‘ona viloyati hokimligi, Sharqiy harbiy okrug, viloyat mudofaa, favqulodda vaziyatlar, ichki ishlar va madaniyat boshqarmalari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi. Unda umumta’lim maktablari, harbiy yo‘nalishdagi ta’lim muassasalari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari ishtirok etdi.

Tadbirda Prezidentimiz, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar milliy armiyamizning jangovar tayyorgarligi va harbiy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

– O‘z Vatani, xalqiga sodiq bo‘lish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish, yurtimiz tinchligi va obodligi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etish har bir yoshning asosiy vazifalaridan bo‘lmog‘i lozim, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Farg‘ona viloyati kengashi raisi vazifasini bajaruvchi A.Akbarov. – Binobarin, bunday tadbirlar navqiron avlod qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini yanada yuksaltirish, ularni bir maqsad atrofida birlashtirishga xizmat qiladi.

Tadbirning badiiy qismida O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti kursantlari harbiycha qo‘shiqlar bilan saf tortib o‘tdi. Harbiy qism va viloyat ichki ishlar boshqarmasining maxsus bo‘linmasi tomonidan tayyorlangan harbiy-jangovar chiqishlar, xavfsizlik va ogohlikni o‘zida aks ettirgan harakatlarni o‘g‘il-qizlar diqqat bilan kuzatdilar. Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan tayyorlangan amaliy mashg‘ulotlar ham yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

– Harbiy bo‘lishni orzu qilaman, – deydi Qo‘qon shahridagi 10-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi A.Hakimov. – Bugungi tadbirda bu boradagi tasavvurlarim kengaydi, qiziqishim yanada ortdi.

Tadbirda harbiy qism va hamkor tashkilotlar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazma namoyish etildi. Yoshlar harbiy qurol-yarog‘ va texnikalar, harbiy xizmatchilarning yashash sharoiti va faoliyati bilan tanishdi. O‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
2 612






Все о погоде - Pogoda.uz