O‘zA O`zbek

24.09.2020 Chop etish versiyasi

Fargʻonada terimchilarga yetarli sharoitlar yaratilgan

Fargʻonada terimchilarga yetarli sharoitlar yaratilgan

Oliy Majlis Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat Ishchi guruhi Fargʻona viloyatida boʻlib, paxta yigʻim-terimi davomida majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik hamda terimchilar uchun munosib mehnat hamda dam olish sharoitlarini yaratish yuzasidan mutasaddi tashkilotlar ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlash boʻyicha faoliyatini boshladi.

Ishchi guruhning dastlabki oʻrganishlari Oʻzbekiston va Beshariq tumanlaridan boshlangan boʻlsa, navbatdagisi Qoʻshtepa tumanida boʻldi. Ishchi guruh vakillari fermer xoʻjaliklarida boʻlib, paxta yigʻim-terimi jarayoni, terimchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

“Pahlavon Gʻulomjon yerlari” fermer xoʻjaligi dalalarida ayni paytda 74 nafar terimchi paxta termoqda. Terimchilarga yaratilgan sharoitdan koʻngil toʻladi. Tushlik paytida terimchilarga issiq ovqat berilmoqda. Eng asosiysi, har bir terimchi bilan ixtiyoriy ravishda paxta yigʻim terimida qatnashish haqida mehnat shartnomasi tuzilgan. Paxta maydoniga kirishdan avval har bir terimchining issigʻi oʻlchanib, qoʻllari antiseptik vositalari bilan zararsizlantirilmoqda. Tibbiy niqoblar fermer xoʻjaligi rahbari tomonidan bepul berilmoqda.

– Avvalo, paxta yigʻim-terimida qatnashish uchun mehnat shartnomasi tuzdim. Shundan soʻng paxta terishni boshladim, – deydi Shirmonoy Abdujalilova. – Tergan paxtamning har bir kilosi uchun 1000 soʻmdan haq olyapman. Kecha 85 kilogram paxta terib, 85 ming soʻm haq oldim.

Ishchi guruh “Nuriddin Taniqulov” fermer xoʻjaligida boʻlib, terimchilarga yaratilgan sharoitni guvohi boʻlishdi. Ular bilan majburiy mehnat, terim pullarini oʻz vaqtida toʻlanayotganligi yaratilgan sharoitlar xususida suhbatlashdi.

– Paxta pulini har kunligini har kuni olyapmiz. Kecha 115 kilogram paxta terdim, – deydi “temir daftar” roʻyxatida turuvchi Xosiyatxon Hoshimova. – Terim pullarimizni oʻz vaqtida olib, roʻzgʻorimizni but qilyapmiz. Tushlik mahalda bepul issiq ovqat beriladi. Dam olish uchun salqin joylar hozirlangan. Umuman olganda, biz terimchilarga yaratilgan sharoit va qulayliklardan mamnunmiz.

Ishchi guruh vakillarining navbatdagi manzili “Fergana Global Textile” masʼuliyati cheklangan jamiyati klasterining paxta maydoni boʻldi. Bu yil klaster tomonidan 205 gektarga paxta ekilgan. Ayni paytda bu yerda 150 nafar terimchi paxta teryapti. Ishchi guruh vakillari, birinchi navbatda, terimchilarga yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Ular bilan mehnat sharoitlari, paxta pulini oʻz vaqtida toʻlanishi kabi masalalarda muloqotda boʻldi.

– Paxta dalalarida boʻlib, terimchilarga yaratilgan shart-sharoitlar hamda ularning ixtiyoriylik asosida mehnat qilib kelayotgani oʻrganib chiqmoqdamiz, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi aʼzosi Xazratqul Xoʻjamqulov. –Ahamiyatlisi, hech kim majburiy ravishda terimga jalb etilgani yoʻq. Terimchilarga paxta pullari oʻz vaqtida toʻlanmoqda. Muhimi terimchilar, oilasiga qoʻshimcha daromad keltirayotganidan mamnun.

– Ishchi guruh aʼzolari bilan paxta dalalarida boʻlib, jarayon bilan tanishyapmiz. Mamnun etadigan holat shuki, birorta paxta dalasida bolalar mehnatiga, majburiy mehnat holatlariga duch kelmadik, – deydi Fargʻona viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev. – Paxta dalalarida terimchilarga munosib ish sharoitlari yaratilgan. Kim bilan suhbatlashmaylik, paxta pullarini oʻz vaqtida toʻlanayotganligidan mamnun ekanliklarini taʼkidlamoqda.

Ishchi guruhining viloyat tumanlari boʻylab oʻrganishlari davom etmoqda.

1 516
M.SULAYMONOV, OʻzA