O‘zA O`zbek

20.09.2018 Chop etish versiyasi

Fargʻonada soxta aviakassa ochgan firibgarlar fosh etildi

Fargʻonada soxta aviakassa ochgan firibgarlar fosh etildi

Fargʻona viloyati Toshloq tumanida yashovchi J.Saidov va A.Ahmedov oʻtgan yilning fevral oyida aviakassa faoliyatini ochib, birgalikda yuritishga qaror qilishdi. Ammo ular bunday faoliyatni amalga oshirish uchun tegishli ruxsatnoma va litsenziya olishni xayoliga ham keltirmadi.

Fargʻona shahar Saylgoh koʻchasidagi uyga joylashib, aviakompaniya bilan shartnomaga ega boʻlmagan holda yuzdan ortiq odamlarni aldashdi. Haqiqatda mavjud boʻlmagan aviachiptalarni rasmiylashtirib, oʻzgalarning mablagʻlaridan shaxsiy manfaatlari yoʻlida foydalanishgan. Toshloq va Oltiariq tumanida yashovchi Zarina va Nigina (ismlari oʻzgartirilgan) ismli qizlarga aviakassada ishlashni taklif etishgan. Vaholanki, ular soxta aviakassada ishlayotganini payqashmadi ham.

Mazkur holat yuzasidan Fargʻona viloyati IIB transportda jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻlimiga kelib tushgan arizalar asosida jinoiy ish ochilib, tergov harakatlari olib borildi. Dastlabki, tergov va sud tergovi jarayonida J.Saidov va A.Ahmedovlar tomonidan fuqarolarga 208 million soʻmdan ortiq miqdordagi moddiy zarar toʻliq qoplangan. Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona shahar sudi ularga tegishli jazoni tayinladi.

1 695
Maʼsudjon Sulaymonov, OʻzA