O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

07.09.2018 18:08 Chop etish versiyasi

Salomatlik kunlarida chekka hududlardagi aholi ham tibbiy koʻrik oʻtkazildi

Salomatlik kunlarida chekka hududlardagi aholi ham tibbiy koʻrik oʻtkazildi Fargʻona viloyatida oʻtkazilgan salomatlikni targʻib qilish kunlari tadbiri doirasida aholi chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.

Barcha shahar va tumanlarda yuqori saviyada tashkil etilgan tadbirlarda poytaxtimizdan kelgan malakali shifokorlar tomonidan aholiga zarur maslahatlar berildi.

Fargʻona shahridagi Ahmad Fargʻoniy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻida aholi salomatligini mustahkamlash va tibbiy madaniyatini oshirish maqsadida pavilon tashkil etildi. Mutaxassislar tomonidan tibbiy koʻrik oʻtkazildi.

– Yoshim 70 da, – deydi Fargʻona shahar “Beshbola” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi Mahbuba Husainova. – Tibbiy koʻrikda shifokorlar nazoratidan oʻtdim. Nevaralarimni ham tekshirishdi. Foydali maslahatlar oldik. Baraka topishsin.

Shuningdek, tadbirda turli kasalliklarning oldini olish, tibbiy madaniyatni yuksaltirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilgan targʻibot materiallari tarqatildi. Salomatlikni targʻib qilish kunlarida koʻchma brigadalar ham tashkil etilib, chekka hududlardagi yoshi ulugʻ insonlar, nogironlarning uyiga borilib, tibbiy koʻrik oʻtkazildi. Koʻrik natijasida statsionar davolanishga muhtoj, deb topilgan fuqarolarga imtiyozli yoʻllanmalar ajratildi.

Maʼsudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat) OʻzA