O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

06.09.2018 14:48 Chop etish versiyasi

Fargʻonada osiyo oʻyinlari gʻoliblari taqdirlandi

Fargʻonada osiyo oʻyinlari gʻoliblari taqdirlandi

Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida oʻtkazilgan XVIII Osiyo oʻyinlarida sportchilarimiz erishgan gʻalabalar qalbimizda gʻurur-iftixor tuygʻularini yanada yuksaltirdi.

16.JPG

Fargʻonalik sportchilar ham Osiyo oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, vakillarimiz qoʻlga kiritgan medallar salmogʻi oshishiga munosib hissa qoʻshdi.

Quva tumanida tugʻilib oʻsgan Mirazizbek Mirzaxalilov sportning boks turi boʻyicha oltin medalni qoʻlga kiritib, Fargʻona boks maktabi anʼanalari bardavom ekanini yana bir bor dunyoga namoyon etdi. Baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha Elyor Mamadaliyev kumush medal, Shohrux Aʼzamov esa bronza medalini qoʻlga kiritdi.

Fargʻonada bu gʻolib sportchilarni taqdirlashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan marosimda mamlakatimizda sportning ommaviyligini oshirish, aholi, ayniqsa, yoshlarning sport bilan shugʻullanishiga zamonaviy sharoitlar yaratish, xalqaro miqyosda ulkan yutuqlarga erishgan sportchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.

– Oʻzbekiston tumanida tugʻilib, yoshligimdan sportning baydarka va kanoeda eshkak eshish turi bilan shugʻullanib kelaman, – deydi E.Mamadaliyev. – Osiyo oʻyinlarida ishtirok etish jarayonida bizni qoʻllab-quvvatlagan xalqimizning daldasini his qilib turdik. Erishgan yutuqlarimizni istiqlol sharofati, mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor samarasi, deb bilamiz. Mana shu yuksak tuygʻu biz, sportchilarga oʻta murakkab vaziyatlarda ham katta kuch-quvvat bagʻishlaydi.

Viloyat hokimligi tomonidan sportchilar va ularning murabbiylari pul mukofoti bilan taqdirlandi. Sportchilarning ota-onalariga viloyat hokimligining tashakkurnomasi topshirildi.

Taqdirlash marosimida Fargʻona viloyati hokimi Sh.Gʻaniyev soʻzga chiqdi.

M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), OʻzA