O‘zA O`zbek

24.08.2018 14:15 Chop etish versiyasi

Fargʻonada ogʻufurush jinoiy guruhi fosh etildi

Fargʻonada ogʻufurush jinoiy guruhi fosh etildi
Jinoiy guruh oʻz qilmishlarini “ssenariy" asosida davom ettirardi...

Giyohvand moddalar bugungi kunda minglab insonlarning umriga zomin boʻlmoqda. Mamlakatimizda mazkur illatga qarshi kurashish, giyohvandlikka butunlay barham berish borasida samarali ishlar olib borilmoqda. Bu jarayonda giyohvand moddalarni mamlakatimizga olib kirish yoʻllarini bartaraf etish, ularning nafaqat mamlakatimiz ichida noqonuniy muomalada boʻlishi, balki hududimiz orqali tranzit qilinishiga chek qoʻyish, uyushgan jinoiy guruhlarni yoʻq qilishga alohida eʻtibor qaratilmoqda.

Biroq ayrim shaxslar ogʻufurushlikdan kasb sifatida foydalanishga urinmoqda. Ana shunday niyat bilan qabihlikka qoʻl urgan Baxtiyor Iskandarov Qirgʻiziston Respublikasida yashovchi tanishi Dilshodbek Dilmuratov bilan oʻzaro til biriktirdi. Kelishuvga asosan Dilshodbek giyohvandlik vositalarini mamlakatimizga kontrabanda yoʻli bilan oʻtkazib berishi, olib oʻtilgan “zahri qotil” esa Solijon Botirov orqali Baxtiyorga yetkazilishi kerak edi. Ish rejadagidek kechdi. B.Iskandarov qonunga xilof ravishda giyohvandlik vositalarini moʻmay daromad evaziga pulladi.

Jinoiy guruh oʻz qilmishini davom etkazdi. Ular Qirgʻizistonda yashovchi boshqa shaxsdan bu gal 3 kilogramm ogʻirlikda gashish giyohvandlik vositasini sotib olmoqchi boʻldi. Yovuz rejaga bu safar Muhammadyusuf Mahmudov ham bosh qoʻshdi. Muhammadyusuf qilgan xizmati uchun 100 gramm gashish moddasiga ega boʻlishiga Baxtiyor qatʻiy vaʻda berdi. Evaziga avans tariqasida undan 700 AQSH dollari oldi. Bu mablagʻ ustiga 300 AQSH dollari qoʻshib Dilshodbek Dilmuratovga berdi. Solijonga Dilshodbek bilan birga Andijon viloyatining Marhamat tumani orqali Oʻzbekiston – Qirgʻiziston chegara postiga borishini tayinlaydi.

Solijon va Dilshodbek 40 F 383 NA davlat raqamli “Nexia” avtomobilidachegaraga yetib kelishgach, qolgan ishning uddasidan chiqish yana Dilshodbekning zimmasida qoldi. U 1.618 gramm gashish moddasini mamlakatimizga kontrabanda yoʻli bilan olib oʻtgach, Solijon bilan eski manzilga otlanadi.

Afsuski, jinoiy guruh oʻz maqsadiga yetolmadi. Davlat xavfsizlik xizmati Fargʻona viloyati boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor nazorat tadbiri orqali Marhamat – Quva yoʻnalishi boʻyicha harakatlanayotgan “Nexia” avtomobili “Mashʻal” yoʻl-patrul postida toʻxtatildi. Transport vositasi salonining old oʻrindigʻi ostidan topilgan paketdagi gashish moddasi ularni fosh etdi.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv-tergov harakatlari chogʻida jinoiy guruhga aloqador Musinjon Shamsutdinovning xonadonidan shisha bankada marixuanaga oʻxshash modda, Jahongir Boltaboyevning xonadonidan selofan paketda giyohvand vositasiga oʻxshash oʻsimlik topilgan.

Sudlanuvchilarning koʻrsatmalari va ashyoviy dalillar jinoiy guruh qilmishlarini toʻla-toʻkis oydinlashtirdi. Shunga tayanib, jinoyat ishlari boʻyicha Margʻilon shahar sudi tomonidan aybdorlarga adolatli hukm oʻqildi. Baxtiyor Iskandarov, Dilshodbek Dilmuratov hamda Solijon Botirovlar 8 yil muddatga, Muhammadyusuf Mahmudov 10 yilu 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Jahongir Boltaboyevga 300 soat majburiy jamoat ishlari jazosi, Musinjon Shamsutdinovga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

M.Sulaymonov, OʻzA
2 143