O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Farg‘onada nodavlat telekanallar bilan saylovlarni yoritish bo‘yicha kelishuv bitimi imzolandi

Farg‘onada nodavlat telekanallar bilan saylovlarni yoritish bo‘yicha kelishuv bitimi imzolandi

Saylovlarning ochiqlik, oshkoralik va tenglik tamoyillari asosida o‘tkazilishida ommaviy axborot vositalarining o‘ziga xos o‘rni bor.

2019 yilning dekabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga navbatdagi saylovlar bo‘lib o‘tadi va bu jarayonda keng jamoatchilik ommaviy axborot vositalaridan har doimgidan jo‘shqinroq faoliyat olib borishini kutmoqda.

Partiyalar o‘rtasidagi raqobat, kurashlar, saylov kampaniyasi davrida olib boriladigan targ‘ibot, tashviqot ishlari batafsil va xolis yoritilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ayni maqsadda xalq deputatlari Farg‘ona viloyat kengashiga saylov o‘tkazuvchi viloyat saylov komissiyasi hamda “Ruxsor” teleradiokanali, “Gold”, “Bag‘dod”, “Muloqot” televidenielari o‘rtasida saylovlarni yoritishda hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan kelishuv bitimi imzolandi. Bu haqda xalqaro matbuot markazi viloyat bo‘limi xabar bermoqda.

“Yangi O‘zbekiston. Yangi saylovlar” g‘oyasi ostida o‘tkazilayotgan bu yilgi saylovlar tashviqoti va targ‘ibotini yangicha yondashuvlar bilan olib borish zarur. Mamlakatimizda yangi qabul qilingan Saylov kodeksi, umuman qonunchilikdagi o‘zgarishlardan odamlarni batafsil xabardor qilish, saylovning barcha jarayonlarini oshkora, aniq, xolis va tezkor tarzda jamoatchilikka taqdim qilib borish talab etilmoqda. Shu nuqtai nazardan kelishuv bitimini imzolash jarayonida xuddi shu masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Barcha darajadagi saylov komissiyalari, deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarga o‘z saylovoldi dasturlari, mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy rivojlanishining muhim masalalari yuzasidan mustaqil nuqtai nazarlarini jamoatchilikka yetkazishda teng hajmda efir vaqti ajratilishi qayd etib o‘tildi.

Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligida faol ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari xodimlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ularni rag‘batlantirish maqsadida 3 kunlik tarixiy shahar – ko‘hna Samarqandga bepul sayohat qilishlari uchun yo‘llanma berilishi e’lon qilindi.

237
M.SULAYMONOV, O‘zA