O‘zA O`zbek

13.08.2020 Chop etish versiyasi

Fargʻonada meva-sabzavotlarni qayta ishlash hajmi ortmoqda

Fargʻonada meva-sabzavotlarni qayta ishlash hajmi ortmoqda

Fargʻona viloyatida 2020-2021-yillarda xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalar hisobidan qishloq xoʻjaligi tarmoqlari va kichik tadbirkorlik uchun 42 million dollar sarf etilmoqda. Bunda yangi bogʻ va tokzorlar barpo etish, meva-sabzavotlarni qayta ishlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Yaqin yillargacha ham viloyatda ekologik jihatdan toza, tabiiy darmon-dorilarga boy meva-sabzavotlarning atigi 8-10 foizi qayta ishlanar edi, xolos. Shu bois ayni pishiqlik davrida uzoq saqlash imkoniyati yoʻqligi uchun fermer va dehqon xoʻjaliklari, aholi tomorqalarida yetishtirilgan bogʻdorchilik mahsulotlari aksariyat hollarda suv tekinga sotilardi.

Jahon bozoridagi talab va taklifni oʻrganib, ilmiy va innovatsion gʻoyalardan keng foydalanayotgan fargʻonalik tadbirkorlar endilikda meva-sabzavotlarni qayta ishlash hamda eksport qilish borasida katta hayotiy tajribaga ega hisoblanadi.

– “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida “Yevro Print” masʼuliyati cheklangan jamiyati qoshida meva quritish va qadoqlash tarmogʻi ishga tushirildi, – deydi korxona rahbari Ayubxon Pozilov. – Xorijdan zamonaviy texnologiyalar olib kelib oʻrnatilib, kuniga 1 tonna meva-sabzavotlarni sanoat usulida quritish imkoniyati yaratildi. Koronavirus pandemiyasi davrida 100 ta yangi ish oʻrni yaratilgan korxonada meva-sabzavotlarni qadoqlashga moʻljallangan idishlar, bir martalik gigiyenik vositalar ham ishlab chiqarilyapti.

Qoʻqonlik tadbirkorlar eng sersuv hisoblangan hurmo mevasini ham quritilgan holda eksport qilib koʻrishdi. Natija kutilganidan ham aʼlo. Buyurtmachilar Fargʻona xurmosi jahon bozorida arab xurmosidan ham xaridorgir boʻlishini eʼtirof etishyapti. Hozirgi kunda Fargʻona bogʻlarida sharbatga toʻlib pishgan shirindan-shakar mevalar, poliz mahsulotlari sanoat usulida quritilib, qadoqlangan holda MDH, Osiyo qitʼasi davlatlariga eksport qilinmoqda.

Xususan, ushbu korxona mahsulotlari ham oʻtgan qisqa vaqt ichida Rossiya, Janubiy Koreyada xaridorgir boʻlib ulgurdi. Ayni paytda korxona jamoasi Fargʻona olmalarini Yevropa mamlakatlariga eksport qilish boʻyicha oʻzaro hamkorlik kelishuvlariga erishdi.

1 610
M.SULAYMONOV, OʻzA