Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.01.2018 12:11 Chop etish versiyasi

Farg‘onada maqom maktabi ochildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 17-noyabrda “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi bo‘lgan milliy maqom san’atining istiqboliga keng yo‘l ochib berdi.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filiali qoshida “Maqom maktabi” hamda “Askiya maktabi” tashkil etildi. Jamoatchilik asosida tashkil etilgan maktabga san’atga qiziquvchi yoshlar jalb etilgan. 

2018-yil 11-yanvar kuni tashkil etilgan ilmiy-amaliy anjuman ushbu maktablar faoliyatiga bag‘ishlandi. 

Unda O‘zbekiston xalq artisti Shafoat Rahmatullayeva “Maqom maktabi” ga, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Jo‘raxon Po‘latov esa “Askiya maktabi” ga badiiy rahbar sifatida tanishtirildi. 

Ilmiy-amaliy anjumanda Qo‘qon davlat pedagogika instituti o‘qituvchi va talabalari, Qo‘qon musiqali drama teatri jamoasi, milliy maqomchilik san’atiga qiziqadigan 20 dan ortiq uyushmagan yoshlar ishtirok etdi. 

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filiali qoshida tashkil etilgan “Maqom maktabi” hamda “Askiya maktabi” haftaning har seshanba va payshanba kunlari soat 15:00 dan o‘z mashg‘ulotlarini davom ettiradi.

O‘zA
1 498