O‘zA O`zbek

12.02.2020 Chop etish versiyasi

Fargʻonada mamlakatimizda ilk bor tik quduqlarni onlayn masofadan boshqarish tizimi joriy etildi

Fargʻonada mamlakatimizda ilk bor tik quduqlarni onlayn masofadan boshqarish tizimi joriy etildi

Sirdaryo-Soʻx irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, mazkur loyiha doirasida oʻrnatilgan avtomat qurilmalar elektr energiyasini tejash, avariya holatlarini oldindan aniqlash, begona shaxslar tomonidan quduqdagi nasosning yoqib-oʻchirilishiga chek qoʻyish, xodimlarning ortiqcha vaqt sarfini va suv behuda isrof boʻlishini kamaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, dispetcher xonasidan bir vaqtning oʻzida bir nechta tik sugʻorish quduqlarini boshqarish imkonini beradi.

Sirdaryo-Soʻx irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasiga qarashli Fargʻona tumanining “Oqbilol” hududida joylashgan 314-sonli tik suv chiqarish qudugʻi 5 ta fermer xoʻjaligiga xizmat koʻrsatadi. Ilgari ushbu quduqdan eng oxirgi dala maydoniga suv 4-4,5 soatda yetib borgan. Yaʼni, ariq toʻlgunga qadar shuncha vaqt davomida elektr energiyasi sarflangan. Shu bilan birga, yer ostidan tortib chiqarilgan suvning qariyb yarmi ekinlargacha yetib borgan xolos.

Hududdagi sugʻorish qudugʻiga 160 diametrli polietilen quvurdan 500 metr tortilib, 5 ta fermer xoʻjaligining har biriga bittadan suv quloqlari oʻrnatilganidan soʻng, suv 4 daqiqa ichida bir tomchi ham yoʻqolmasdan oxirgi dala maydoniga yetib boradigan boʻldi.

сув.jpg

Mutaxassislar tahliliga koʻra, shu kunga qadar quduqqa oʻrnatilgan nasos soatiga 45 kilovatt yoki 20 ming 250 soʻm mablagʻ sarflayotgan boʻlsa, 4 soatda bu koʻrsatkich 180 kilovatt yoki 81 ming soʻmni tashkil etar edi. Endilikda har sugʻorish chogʻida 4 soat ariq toʻlgʻazishga ketgan elektr energiyasi yoki 81 ming soʻm miqdoridagi davlat byudjeti mablagʻlari iqtisod qilinmoqda. Umuman olganda, ilgarigiga nisbatan elektr energiyasini 15 foiz tejash va suv yoʻqotilishini 50 foiz kamaytirishga erishildi.

Loyiha boʻyicha 5 ta fermer xoʻjaligining 31,5 gektar maydoniga polietilen quvur va 5 dona suv qulogʻi oʻrnatish xarajatlari esa 25 million soʻmni tashkil etdi. Hozirgi kunda 27 ta tik quduqda bu yangilik joriy qilingan boʻlib, birinchi chorak davomida ular sonini 45 taga yetkazish rejalashtirilgan.

1 275
A.MUSAYEV,OʻzA