O‘zA O`zbek

15.09.2020 Chop etish versiyasi

Fargʻonada kislorod konsentratori ishlab chiqarish boshlandi

Fargʻonada kislorod konsentratori ishlab chiqarish boshlandi

Koronavirus pandemiyasi davrida kislorod konsentratorlariga boʻlgan talab ortdi. Mazkur tibbiy jihoz mamlakatimizda ishlab chiqarilmasligi bois, Prezidentimiz va respublika hukumati topshirigʻiga asosan uni chet davlatlardan, asosan Xitoydan Oʻzbekistonga imkon qadar qisqa muddatda olib kelish tartib-taomillarini yengillashtirish choralari koʻrildi.

Shu jumladan, Fargʻona viloyatiga 500 dona kislorod konsentratori olib kelinib, tibbiyot muassasalariga taqsimlandi. Kislorod konsentratori koronavirus bilan kasallangan bemorlarni ogʻir ahvolda davolashda yordam beradi. Zotiljam (pnevmoniya) kasalligi ham jiddiy asoratlar keltirib chiqaradi va bemorning nafas olishi qiyinlashadi. Qondagi kislorod miqdorini barqarorlashtirishda sunʼiy nafas olish apparati zarur boʻladi. Kislorod konsentratoriga talabning ortib borayotgani uni oʻzimizda ishlab chiqarishni taqozo etdi.

2.PNG

Fargʻona viloyati hokimining tashabbusi bilan “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida kislorod konsentratorini ishlab chiqarish loyihasini imkon qadar tezroq amalga oshirishga kirishildi. Bu masʼuliyatli loyiha ishlari tadbirkor Shavkatjon Hamzayev taʼsischisi boʻlgan “Greyt Qoʻqon” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan olib borildi.

Umumiy qiymati 300 ming AQSH dollarini tashkil etadigan korxonaning foydalanishga topshirilishi katta tantanaga aylandi. Unda ishtirok etgan viloyat hokimi oʻrinbosari M.Abdurahmonov bugungi kunda talab yuqori boʻlgan mazkur tibbiy jihozning ishlab chiqarilishi, avvalo, viloyatimiz va respublika tibbiyot muassasalarini kislorod konsentratori bilan toʻliq taʼminlash imkonini berishini, qolaversa viloyat eksport salohiyatini oshirishini taʼkidladi.

3.PNG

– Viloyatimizda aholini koronavirus pandemiyasidan asrashga, ularning salomatligini mustahkamlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Buning uchun viloyatimiz hokimi boshchiligida juda katta tadbirlar amalga oshirilib, tibbiyot maskanlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, bemorlar uchun maxsus joylar va dori-darmon zaxirasi yaratildi. Shunday sharoitda xavfli kasallikka qarshi kurashishga oʻzimizning hissamizni qoʻshganimizdan mamnunmiz, – deydi korxona direktori F.Rahmonov.

Mazkur korxonada yiliga 30 ming dona kislorod konsentratori ishlab chiqariladi. Shu bilan birga 20 ta yangi ish oʻrni yaratildi.


4 898
M. Sulaymonov, OʻzA