O‘zA O`zbek

02.02.2018 16:24 Chop etish versiyasi

Farg‘onada kelgusida hunarmandchilik va uning yangi yo‘nalishlari jadal rivojlanadi

Farg‘ona viloyatida 2018-2019 yillarda hunarmandchilikni rivojlantirish hisobidan 304 loyiha amalga oshirilib, 600 dan ziyod ish o‘rni yaratiladi.

Hunarmandlarimiz qo‘l mehnati bilan yaratayotgan mahsulotlar allaqachon jahon bozorida o‘z o‘rnini topgan. Farg‘ona viloyatida ham mazkur soha jadal rivojlanib, hunarmandlar safi tobora kengaymoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 17-noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir.

– Marg‘ilon, Qo‘qon shaharlari, Rishton tumani hunarmandchilik borasida o‘ziga xos maktab yaratgan, – deydi “Hunarmand” uyushmasi viloyat bo‘limi boshlig‘i Rasuljon Mirzaahmedov. – Davlatimiz rahbari tomonidan sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor hunarmandlarimizni ruhlantirib, yanada kuch-g‘ayrat bilan ishlashga, betakror san’at asarlari yaratishga undamoqda. Mazkur farmon asosida hunarmandchilik faoliyati yo‘nalishlarining yangilangan ro‘yxati tasdiqlandi, 34 yo‘nalish kiritildi. Hunarmandchilik subyektlari, jumladan, "Hunarmand” uyushmasi a’zolariga bir qator imtiyoz va yengilliklar berildi.

Viloyatda 1 ming 300 dan ziyod hunarmand faoliyat ko‘rsatmoqda. Ayni paytda hunarmandchilikni rivojlantirish hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarning manzilli dasturi asosida bir qator ishlar olib borilmoqda. Marg‘ilon shahrida Dilafro‘z Zokirova milliy to‘n tikish, qo‘qonlik Baxtiyor Siddiqov zargarlik buyumlari, Jamoliddin Sohibnazarov esdalik buyumlari, Beshariq tumanidan Sodiqjon Umrzoqov yog‘ochdan tayyorlanadigan hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda.

Davlatimiz rahbari 2017-yil 22-23 iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida Marg‘ilon shahrida milliy hunarmandchilik markazi tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Shu asosda bu yerda turizmni rivojlantirish va milliy hunarmandchilik markazi tashkil etish uchun aniq tadbirlar belgilandi. Hunarmandchilik va turistik mavzelar qurish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqildi. Hunarmandlar markazi tashkil etish uchun yer maydonlari tanlandi. Turizm sohasida xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.

Bugungi kunda hunarmandchilik turizmning ajralmas qismiga aylandi. Qadim shaharlarimiz ko‘rki, mamlakatimizning ekologik tabiatiga hamohang yaratilayotgan hunarmandchilik namunalari sayyohlar e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Marg‘ilon, Qo‘qon shaharlari va Rishton tumanida milliy hunarmandchilikni keng targ‘ib etishga muhim e’tibor qaratilmoqda. Masalan, Rishton tumanida “Xizr buva” ziyoratgohining rekonstruksiya qilinishi va hududda kulollar uchun yopiq bozor tashkil etilishi belgilangan. Joriy yilda bozorni sharqona usulda bezatish, sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun sharoit yaratish, oshxona, dam olish joylari bunyod etish, yo‘llar, aholi yashash hududlarining talab darajasida bo‘lishi uchun rekonstruksiya ishlari olib boriladi. Qo‘qon shahrida esa milliy hunarmandchilik markazini bunyod etish ishlari boshlab yuborilgan.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
7 981