Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.12.2017 18:41 Chop etish versiyasi

Farg‘onada jinoyatchilik kamaydimi?

Farg‘onada Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika komissiyasi va xalq deputatlari viloyat Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 15-noyabr kuni mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriq va vazifalardan kelib chiqqan holda, viloyatda jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha sektorlar kesimida hokimliklar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va jamoatchilik tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar muhokama etildi.

Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchiliklarning oldini olish, ularni keltirib chiqaradigan omillar bilan kurashish, bu borada befarqlik, loqaydlik holatlariga barham berish, davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan har hafta payshanba kuni muntazam o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlari hududlarda osoyishtalikni yanada mustahkamlashda yuksak samaralar bermoqda. Farg‘ona viloyatida ham bu borada aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ijrosi to‘liq ta’minlanmoqda.

Joriy yilning 11 oyida viloyatda umumiy jinoyatlar 19,8 foizga, bosqinchilik 23,7 foizga, talonchilik 36,5 foizga, tovlamachilik 22,2 foizga, bezorilik 48,4 foizga, firibgarlik 21,1 foizga kamaygan. Shuningdek, guruhlar tomonidan jinoyatlar sodir etilishi 13,3 foizga, ayollar jinoyati 9,3, mast holatdagi jinoyatlar 15,8, yoshlar jinoyati 14,43, ishlamaydiganlar jinoyati 44,4 foizga kamayishiga erishilgan. Ayni paytda ayrim shahar va tumanlarda jinoyatning ba’zi turlari oshib ketishiga yo‘l qo‘yilgan. Masalan, Beshariq va O‘zbekiston tumanlarida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik oshgan. Quva tumanidagi “Rasta”, Farg‘ona tumanidagi “Ilg‘or” mahalla fuqarolar yig‘inlarida jinoyatchilik o‘tgan yilga nisbatan keskin oshganini qanday izohlash mumkin?

Qo‘shma majlisda davlat va jamoat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, har bir mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Videoselektor tarzida tashkil etilgan yig‘ilishda deputatlar, tuman, shahar hokimlari va ularning o‘rinbosarlari, huquq-tartibot idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, siyosiy partiyalar viloyat kengashlari raislari ishtirok etdi, shahar va tuman studiyalarida faollar, keng jamoatchilik vakillari kuzatib bordi.

Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ular o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish kriminogen vaziyatni barqaror saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Lekin tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, viloyatda ayrim xotin-qizlar qo‘mitalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, Yoshlar ittifoqi mahalliy kengashlari tomonidan xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan ishlar talab darajasida olib borilmagan.

Viloyat hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, uning profilaktikasi borasida huquq-tartibot idoralari bilan birga mahalliy hokimliklar, davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan ham jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani qayd etildi. Prezidentimiz tomonidan bildirilgan tanqidiy fikrlardan kelib chiqib, avvalo, har bir oila, mahallada tinchlik-osoyishtalikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratish, bu borada mahalla fuqarolar yig‘inlari, xotin-qizlar qo‘mitalari, "Nuroniy" jamg‘armasi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikni kuchaytirish lozimligi, sektorlar rahbarlari o‘z hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish barobarida, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga ham mas’ul ekani ta’kidlandi.

Qo‘shma majlisda sektor rahbarlari – viloyat hokimi, viloyat prokurori, viloyat ichki ishlar hamda davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlari yuzasidan hisoboti eshitildi. Mazkur yo‘nalishda qilinishi lozim bo‘lgan aniq vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilishda muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari O.Murodov, R.Komilov, Q.Quronboyev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva ishtirok etdi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
5 511