O‘zA O`zbek

14.08.2018 17:02 Chop etish versiyasi

Farg‘onada “Ishonch telefonlari” nega ishlamaydi?

Farg‘onada “Ishonch telefonlari” nega ishlamaydi? Mamlakatimizda bugungi kunda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashda butunlay yangicha tizim yaratildi. Ayniqsa, davlat organlari va jamoat tashkilotlarida tashkil etilgan “Ishonch telefoni” ham bunda yaxshi samara bermoqda. Albatta, barcha joyda ham bu borada ishlar qoniqarli emas. Farg‘ona viloyatidagi bir qator mahalliy hokimlik va boshqarmalarda “Ishonch telefoni” nomigagina tashkil etilganligini qanday tushunish mumkin?

Farg‘ona shahar hokimligining 243-91-91 raqamli “Ishonch telefoni”ga qilgan qo‘ng‘iroqlarimiz besamar ketdi. Telefon go‘shagini hech kim ko‘tarmadi. Ajablanarlisi esa Qo‘qon shahar hokimligining http://qoqon.uz saytida kuzatildi. Hokimlikning saytida “Ishonch telefoni” raqami berilgan ekan. Bu shahar hokimligining “Ishonch telefoni” aynan Farg‘ona shahar hokimligi bilan bir xil. Bu holatni biz umuman tushunmadik. Siz tushungandirsiz balki, aziz o‘quvchi?

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasidagi tibbiyot muassasalarida bugungi kunda barcha tashkilotlarning “Ishonch telefoni” haqida ma’lumot berilgan. Agar fuqaroda sohaga oid biror e’tiroz bo‘lsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish imkoni bor. Afsuski, sog‘liqni saqlash tizimidagi “Ishonch telefonlari”ning o‘zi ishlamayapti, murojaatlar yuborish imkoniyati yo‘q.

Bugungi kunda mazkur boshqarmaning www.fvssb.uz deb nomlangan sayti faoliyat ko‘rsatmoqda. Saytda “Ishonch telefonlari” deb nomlangan bo‘lim ham bor. Unda tizimdagi tibbiyot birlashmalarining “”Ishonch telefonlari” berilgan. Keltirilgan telefon raqamlariga bir necha marta qo‘ng‘iroq qilinishiga qaramay, hech kim qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Farg‘ona shahar tibbiyot birlashmasining 242-90-42, 242-96-88 raqamli telefonlariga kun bo‘yi qo‘ng‘iroq qilib ko‘rdik, afsuski, barcha qo‘ng‘iroqlarimiz javobsiz qoldi. Shu o‘rinda Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi “Ishonch telefonlari” qaysi vaqtda va qaysi kunda ishlashi haqida ma’lumot tarqatmagan ekan degan xayolga ham bordik. Chunki, aniq vaqt ko‘rsatilganda, murojaatchilar aynan o‘sha vaqtlarda ularni bezovta qilarmidi balki?!

Aholida bugungi kunda ko‘plab sohalardagi ba’zi holatlardan haqli e’tiroz paydo bo‘lmoqda. Ayrim joylarda sohada tamagirlik, befarqlik holatlari kuzatilmoqda. Ammo uni hal etishni, murojaatlar bilan ishlashni tizimidagi rahbarlar aslo o‘ylagani yo‘q. Farg‘ona viloyatidagi ayrim boshqarma va tashkilotlarda “Ishonch telefoni”ning ishlamayotgani ham buni yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
2 899