O‘zA O`zbek

12.06.2019 19:09 Chop etish versiyasi

Fargʻonada boʻlib oʻtgan biznes forumda qanday kelishuvlarga erishildi?

Fargʻonada boʻlib oʻtgan biznes forumda qanday kelishuvlarga erishildi?

Fargʻonada Koreya Respublikasi ishbilarmon doiralari va mahalliy tadbirkorlar ishtirokida biznes forum boʻlib oʻtdi. 

Mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarga toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyalarni jalb qilish, xorijiy investorlarni mamlakatimiz imkoniyatlari va salohiyati toʻgʻrisida xabardor qilish borasidagi ishlar bugun oʻzining amaliy samaralarini bermoqda. Turli sohalarda investitsiyaviy loyihalar ishga tushirilib, yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda. Xususan, Fargʻona viloyatida bugungi kunda 341 ta xorijiy investitsiya ishtirokida korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 130 million xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi. 

Viloyatda koʻplab davlatlarning yirik kompaniyalari, tadbirkorlari bilan tashkil etilayotgan biznes forumlar ham hamkorlikni mustahkamlashda muhim omil boʻlmoqda. Fargʻona shahrida tashkil etilgan Oʻzbekiston-Koreya biznes forumida har ikki tomonlama manfaatli boʻldi. 

Biznes forumning ochilishida Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev, Koreya –Oʻzbekiston biznes markazi rahbari Kim Sang Keon va boshqalar ikki mamlakat oʻrtasida har tomonlama hamkorlik aloqalarining kengayib borayotganliklarini taʼkidladi. 

– Viloyatimizda Janubiy Koreyalik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda yigirmaga yaqin qoʻshma korxona faoliyat koʻrsatmoqda, – deydi viloyat investitsiya boshqarmasi boshligʻi Doniyorjon Gʻaniyev. – Oʻtgan yilda tadbirkorlar oʻrtasidagi hamkorlik natijasida tashqi savdo aylanmasi 70 million dollarni tashkil qildi. Joriy yilning oʻtgan davrida Fargʻona shahrida “Listem Fergana” hamda “Winchemical” qoʻshma korxonalari ishga tushirilganligi ham oʻzaro hamkorlikning jadal rivojlanib borayotganidan dalolatdir. Hyundai, Evergreen Motors kompaniyalari tomonidan “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida qishloq xoʻjaligi uchun mini texnika va yuk koʻtaruvchi karalar ishlab chiqarish loyihasida 15 million dollar investitsiya oʻzlashtiriladi. 

2019-2020-yillarda Fargʻona viloyatini rivojlantirish dasturi asosida 330 million Koreya investitsiyalarini oʻzlashtirish orqali 15 ta loyihalar amalga oshiriladi. Mingdan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratilib, yiliga 150 million dollarlik tovar va xizmatlar ishlab chiqarilishiga erishiladi. Bundan tashqari, boshqa istiqbolli loyihalar mavjud boʻlib, 2020-2022-yillar davomida 900 million dollardan ortiq toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jalb qilinadi. 

Biznes forumda viloyatning investitsion salohiyati, amalga oshirilayotgan loyihalar haqida taqdimotlar oʻtkazildi. Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan “G2B” va “B2B” shaklidagi muzokaralar tashkil etildi. Uning doirasida oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishildi. 

Maʼsudjon SULAYMONOV, OʻzA
782