O‘zA O`zbek

13.03.2018 09:55 Chop etish versiyasi

Farg‘onada bayram sayllariga tadorik

Farg‘onada bayram sayllariga tadorik Navro‘z – o‘zining ma’no-mazmuni va falsafasi bilan hayotimizga jo bo‘lgan yasharish va yangilanish pallasi, sharqona Yangi yil debochasi. Ushbu ayyomni xalqimiz har yili ko‘tarinki ruhda, katta shodiyona bilan nishonlaydi. Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida bu ayyomni munosib kutib olishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Taniqli olimlar, shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at namoyandalari, ma’naviyat targ‘ibotchilaridan iborat targ‘ibot guruhlari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilayotir.

Farg‘ona viloyatining shahar va tumanlarida Navro‘z sayllari boshlanish arafasida. 14 mart kuni Quvasoy shahrida bo‘lib o‘tadigan bayram tadbirida madaniyat va dam olish maskanlari qoshidagi ashula va raqs xalq ansambllari, folklor-etnografik va turli badiiy jamoalar, taniqli estrada xonandalari ishtirok etadi. Shaharning qo‘shni davlat bilan chegara hududida joylashgan “Polmon”, “Nayman”, “Bog‘bon”, “Hamdo‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inlarida sumalak pishirilib, hududning o‘ziga xos Navro‘z udumlari asosida keng nishonlanadi. Tadbirlarda Qirg‘izistondan ham mehmonlar ishtirok etadi.

Farg‘ona shahar hokimi o‘rinbosari Sherzod Polvonovning aytishicha, viloyat markazida bayram tadbirlari 4 hududda tashkil etiladi. Islom Karimov nomidagi Teatr-konsert saroyi xiyoboni, Qirguli mavzesi, Ahmad Farg‘oniy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i va Quvasoy ko‘chasidagi “Orom” bog‘ida ayni kunlarda sayllarga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Shahardagi mahallalarda, tashkilot va korxonalarda turli tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
4 840