Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.10.2017 15:30 Chop etish versiyasi

Farg‘onada aholi salomatligi muhofazasi yo‘lida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Farg‘onada aholi salomatligi muhofazasi yo‘lida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Mamlakatimizda “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” konsepsiyasi asosida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar reproduktiv salomatlikni mustahkamlash, sog‘lom oilani shakllantirish, irsiy kasalliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Farg‘ona viloyatida ham bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi tibbiyot muassasalarida malakali mutaxassislar ishtirokida profilaktik va chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar muntazam tashkil etib kelinayotgani aholi, ayniqsa, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida bu boradagi ishlar samaradorligi yanada oshdi.

7.jpg

– Prezidentimiz rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida onalik va bolalikni muhofaza qilish, tug‘ma nogironlikning oldini olish, tibbiy xizmat sifatini tubdan takomillashtirish, davolash va diagnostika ishlarida zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar bermoqda, – deydi Farg‘ona viloyati “Ona va bola skrining” markazi direktori Manzura Salimova. – Zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan skrining markazlari faoliyati samarasida bolalikdan nogironlik ko‘rsatkichlarini kamaytirishga erishilayotir. Viloyatda 2013 – 2017 yillarda nogiron bolalar tug‘ilishining oldini olish uchun tug‘ma va irsiy kasalliklarni erta aniqlash Davlat dasturi asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Markazda homilador ayollar hamda chaqaloqlar skrining tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Homilador ayollarda homila rivojlanishining tug‘ma nuqsonlarini aniqlash uchun perinatal (tug‘ruqoldi), tug‘ma gipotireoz va fenilketonuriyani aniqlash uchun ommaviy neonatal (chaqaloqlar) skriningi olib borilmoqda. Tug‘ma hamda irsiy patologiyalari bo‘lgan bemorlarga tibbiy-genetik maslahat berilayotir. Joriy yilning o‘tgan davrida zamonaviy ultratovushli tashxis uskunalari yordamida 73 mingdan ziyod homilador ayol birlamchi skrining tekshiruvidan o‘tkazildi. 18 ming 895 nafar homilador ayol perinatal, 37 mingdan ziyodi esa neonatal skriningidan o‘tkazilib, zarur maslahatlar berildi.

Viloyat skrining markazi mutaxassislari joylardagi tibbiy muassasalar xodimlari bilan hamkorlikda mahalla va qishloqlarda, o‘quv maskanlarida bo‘lib, “Skrining markazi faoliyati”, “Tibbiy madaniyat – sog‘lom turmush garovi”, “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash: yutuqlar va muammolar”, “Erta nikohning oldini olish” kabi mavzularda davra suhbatlari tashkil etmoqda. Bunday tadbirlar davomida kamqonlik, buyrak, jigar yetishmovchiligi kabi ekstragenital kasalliklar bilan xastalangan tug‘ish yoshidagi ayollar aniqlanib, dispanser, ambulatoriya davolanishiga qamrab olinayotir.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
1 847






Все о погоде - Pogoda.uz