O‘zA O`zbek

13.08.2019 14:42 Chop etish versiyasi

Fargʻonada 9 ta paxta-toʻqimachilik klasteri tomonidan 1 trillion soʻmlik loyihalar amalga oshirilmoqda

Fargʻonada 9 ta paxta-toʻqimachilik klasteri tomonidan 1 trillion soʻmlik loyihalar amalga oshirilmoqda

Fargʻona viloyatida bugungi kunda 9 ta paxta-toʻqimachilik klasteri tashkil etilgan boʻlib, ular tomonidan 1 trillion soʻmlik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda tajriba tariqasida joriy qilingan paxta xomashyosini yetishtirish va qayta ishlashning zamonaviy shakli – klaster tizimi oʻzining ijobiy samarasini berishni boshladi. Yaʼni paxta yetishtiruvchi va toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi subyektlar oʻrtasida yaqin hamkorlik va kooperatsiya aloqalari bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyilib, ularning oʻz mehnatidan manfaatdorligi oshmoqda.

Oʻtgan yilda Fargʻona viloyati Rishton tumanida “Rus -Oʻzbek teks” masʼuliyati cheklangan jamiyatida innovatsion loyiha asosida paxta yetishtirishda birinchi marta klaster usuli qoʻllanilib, natijalar salmoqli boʻldi. 6 ming 200 gektar yer maydonida paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishi tashkil etilib, 16,2 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirildi. Oʻrtacha hosildorlik har bir gektarga 30 sentnerni tashkil etib, anʼanaviy usulda yetishtirilgan paxta xomashyosiga nisbatan qariyb 1,4-marta koʻp yuqori hosildorlikka erishildi.

Joriy yilda viloyatdagi jami 82 ming 100 gektar paxta maydonining 9 ta tumandagi 63 ming 200 gektari 9 ta paxta-toʻqimachilik klasteriga biriktirib berildi.

“Expo Kollor Prin Teks” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Toshloq tumanida paxtachilik-toʻqimachilik klasteri tashkil etilib, ayni kunlarda 5 ming 120 gektar maydonda gʻoʻzaning yuqori sifatli tola beradigan, erta va oʻrtapishar “S-8290”, “Namangan-77”, “Sulton” kabi hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos navlari parvarishlanmoqda. Paxtachilikka ixtisoslashgan 135 ta fermer xoʻjaligi bilan kontraktatsiya shartnomalari tuzilib, birinchi marta joriy etilayotgan yangi usul fermerlarda katta qiziqish uygʻotmoqda.

Avgust oyi mamlakatimiz dehqonlari uchun eng tigʻiz, ayni chogʻda, oʻta masʼuliyatli davr hisoblanadi. Zero, paxtachilikda uning oʻrni muhim boʻlib, hosil salmogʻini oshirish uchun eng qulay paytdir. Bugungi kunda paxtachilik sohasini yaxshi biladigan 20 dan ziyod agronom va boshqa mutaxassislar dalalarda boʻlib, ekin rivoji, uning hosildorligini oshirish bilan bogʻliq ishlarni olib bormoqda. Zararkunandalarga qarshi kurashish maqsadida 10 ta yangi OVX agregati sotib olindi va bugungi kunda ulardan fermer xoʻjaliklarida samarali foydalanilmoqda.

Fermerlar bugun koʻplab ovoragarchilikdan xoli boʻldi. Mineral oʻgʻit yoki yoqilgʻini shartnomada koʻrsatilgan muddatda, keragicha olmoqda. Ishchilar oʻz vaqtida oylik maosh bilan taʼminlanayotir. Gʻoʻza rivoji va holati esa jamiyat mutaxassislari tomonidan doimiy nazorat qilib borilmoqda.

– Albatta, manfaat boʻlgan joyda ishga ham munosabat oʻzgaradi, –deydi “Fayzli oy tongi koʻrki” fermer xoʻjaligi rahbari Tojiddin Haydarov. – Klasterning afzalligini bugun barchamiz oʻz faoliyatimizda yaqqol koʻrmoqdamiz. Bu yil “Expo Kollor Prin Teks” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan shartnoma imzolab, 35 gektar maydonga 45 sentnerlik marrani koʻzlagan holda “Namangan-77” navli chigit ekdik. Hozir gʻoʻza nihollari rivojidan koʻnglimiz toʻq. Xalqimizda “asad – ekiningni yasat” degan ajoyib naql bor. Bu bejiz emas. Shuning uchun hozirda agrotexnik tadbirlarni sifatli bajarishga muhim eʼtibor qaratmoqdamiz. Bugungi har bir kun biz uchun gʻanimat. Hozirgacha gʻoʻzalar 5-marta sugʻorildi, 7-marta kultivatsiya qilindi.

Klaster korxonasi fermer xoʻjaliklariga yer, suv va boshqa resurslardan samarali va oqilona foydalanish, hosildorlikni oshirish kabi ishlarda yaqindan koʻmak bermoqda.

– Bugungi kunda boshqa sohalar kabi qishloq xoʻjaligida chuqur qayta ishlashni va sanoatni rivojlantirishga muhim eʼtibor qaratilmoqda, – deydi “Expo Kollor Prin Teks” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Abduqahhor Joʻraboyev. – Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan paxta-toʻqimachilik klasterlarining tashkil etilishi ham agrar soha taraqqiyotiga xizmat qilmoqda. Ilgari korxonamiz faqat kalava ip ishlab chiqarish bilan shugʻullanardi. Endi esa xomashyo shu yerning oʻzida qayta ishlashning barcha bosqichidan oʻtib, eksportbop tayyor mahsulotga aylanadi. Chunki innovatsion klaster, bu – bir majmua doirasida bir jamoa boʻlib yerni shudgorlash, chigit ekish, paxtani parvarishlash, hosilini yigʻib-t


yerib olish, xomashyoni chuqur qayta ishlash bilan bogʻliq korxonalarni birlashtiruvchi ishlab chiqarish uslubidir. 100 milliard soʻmlikdan ortiq loyiha doirasida Toshloq tumanida bir qator korxonalar ishga tushiriladi, yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Xususan, kelgusida yogʻ-moy ishlab chiqarish, toʻquv-trikotaj fabrikalari, yordamchi chorvachilik xoʻjaliklari tashkil etiladi, mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratiladi. Klasterda paxta xomashyosi barcha bosqichdan oʻtgach, aʼlo sifatli, raqobatbardosh, eksportbop mahsulotga aylanadi.

Ayni kunlarda fargʻonalik paxta-toʻqimachilik klasterlari hosildorlikni yanada oshirish maqsadida gʻoʻza rivojiga muhim eʼtibor qaratmoqda. Zero, bugungi har bir agrotexnik tadbirning sifatli bajarilishi hosil choʻgʻining moʻl boʻlishiga zamin boʻladi. Muxtasar aytganda, mamlakatimizda paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etish qishloq xoʻjaligi sohasida ulkan taraqqiyotni boshlab berganligi bilan ahamiyatlidir.

Maʼsudjon SULAYMONOV, OʻzA
1 315