O‘zA O`zbek

12.06.2019 21:23 Chop etish versiyasi

Fargʻona vodiysida eng yirik farmatsevtika korxonasi ish boshladi

Fargʻona vodiysida eng yirik farmatsevtika korxonasi ish boshladi

Namangan tumanidagi “Merrymed Farm” masʼuliyati cheklangan jamiyatining navbatdagi ishlab chiqarish majmuasi ish boshladi.

2010-yilda 30 ishchi bilan faoliyat boshlagan “Merrymed Farm” korxonasida bugungi kunda 700 dan ziyod kishi – oliy va oʻrta maxsus maʼlumotli mutaxassislar, ishchi-xizmatchilar mehnat qilmoqda. Yiliga 120 millionga yaqin oʻram dori vositalari ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona Fargʻona vodiysidagi eng yirik farmatsevtik korxonasidir. Viloyatda ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining 97 foizi “Merrymed Farm” hissasiga toʻgʻri keladi. Korxonada tabletka, kapsula, inyeksion va infuzion eritmalar, maz, sirop, suspenziya, kukun koʻrinishidagi antibiotiklar ishlab chiqarilmoqda.

Raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, 2016-yilda korxonada 275 kishi mehnat qilgan va 59 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilgan boʻlsa, 2017-yilda ishchi-xodimlar soni 360 nafarga va ishlab chiqarilgan mahsulot qiymati 105 milliard soʻmga yetgan. 2018-yilda esa “Merrymed Farm”da yaratilgan ish oʻrinlari soni 650 ta, yillik mahsulot qiymati 202 milliard soʻmdan ortgani qayd etildi.

Oʻtgan yili Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va Afgʻoniston davlatlariga 700 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi. Joriy yilda esa bu koʻrsatkichni 1,5 million dollarga yetkazish koʻzda tutilgan.

Infuzion eritmalar, koʻz tomchilari, plastik hamda shisha ampulalarda inyeksion eritmalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi sex loyihasi Prezidentimizning 2017-yil iyul oyida viloyatga tashrifi chogʻida taqdim etilgan edi.

– Oʻtgan ikki yilda bu yerda qiymati 25 million dollarga teng loyiha hayotga tatbiq etilib, 7 yoʻnalishda 120 turdagi dori-darmon ishlab chiqarishga moʻljallangan yangi sex qurib bitkazildi, – deydi “Merrymed Farm” korxonasi rahbari N.Azizov. – Yiliga 15 million 600 ming flakon glyukoza, natriy xlorid, ringer, metronidazol, siprofloksatsin va boshqa dori vositalari ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi.

Korxonaning ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi X.Bozorov soʻzga chiqdi.

Akromjon SATTOROV, Hotam MAMADALIYEV (surat), OʻzA
657