Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.09.2017 15:25 Chop etish versiyasi

“Farg‘ona vodiysida chiqindilarni kompleks boshqarish klasteri tashkil etish” loyihasiga 96 million dollar mablag‘ sarflanadi

Farg‘ona viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi huzuridagi “Toza hudud” davlat unitar korxonasi ekologiya va sanitariya muhitini yaxshilash yo‘lida samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 21-apreldagi "Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida"gi farmoni hamda "2017-2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda viloyatda kuniga o‘rtacha 3,5 ming tonna, bir oyda 105 ming tonna, bir yilda 1 million 260 ming tonna atrofida maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. Shu bilan birga, viloyat hududida chiqindilar to‘planadigan 12 ta noqonuniy joy mavjud.

Shahar va tuman hokimliklari huzuridagi obodonlashtirish boshqarmalarida chiqindilarni olib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi uchastkalar negizida "Toza hudud” davlat unitar korxonasi filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani tizimdagi ko‘plab muammolarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda.

– Bu borada maxsus “yo‘l xaritasi” tuzilib, ish jarayonini zamonaviy mezonlar bo‘yicha rivojlantirish chora-tadbirlari belgilandi, – deydi viloyat “Toza hudud” davlat unitar korxonasi direktori vazifasini bajaruvchi E.Abdullayev. – Jumladan, qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish reja-jadvali tuzildi, maxsus poligonlar holatini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi. Shahar va tumanlarda ekologik hashar tashkil etilib, hududlarning sanitariya holatini yaxshilash yo‘lida amaliy samaralarga erishilmoqda.

Viloyatda chiqindilarni saralash, qayta ishlash va ulardan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish tizimini 2017-2020-yillar davomida takomillashtirish maqsadida yirik loyiha amalga oshirilmoqda. “Farg‘ona vodiysida chiqindilarni kompleks boshqarish klasteri tashkil etish” loyihasiga 96 million dollar mablag‘ sarflanadi.

“Toza hudud” davlat unitar korxonasi ushbu qo‘shma korxona ulushiga ega bo‘lib, korxona ishga tushirilganida chiqindilarni yig‘ish tizimi to‘liq avtomatlashtiriladi. Chiqindilarni olib chiqish, tashish ishlari takomillashtiriladi. Natijada barcha aholi yashash hududlari avtomatlashtirilgan konteynerlar bilan ta’minlanadi. Presslash uskunalari va GPS monitoring tizimi hisobiga umumiy xarajatlar 20 foizga qisqaradi. Axlat to‘planadigan joylarda estetik ko‘rinish vujudga keladi, yo‘nalishlardagi transport xarajatlari 80 foizgacha qisqarib, yangi poligonlar tashkil etish zarurati yo‘qoladi, zararli moddalarni tashlab yuborish 50 foizga kamayadi. Eng asosiysi, loyiha hayotga tatbiq etilishi bilan 2 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari joriy yil 22-23-iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida mazkur loyiha taqdimoti bilan tanishib, uni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar bergan edi. Ayni paytda mazkur yo‘nalishda aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Mazkur yirik loyihani amalga oshirish maqsadida viloyatning 8 tumanidan yer maydonlari tanlandi va ular mutasaddi tashkilotlar tomonidan o‘rganilib, korxona barpo etish uchun takliflar berildi. Ushbu yer maydonlarining inson salomatligi, atrof-muhit va yer osti suv yo‘llariga ta’siri tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganildi. Loyihani amalga oshirish ishlari qizg‘in davom etmoqda.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
1 109






Все о погоде - Pogoda.uz