Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.09.2017 18:32 Chop etish versiyasi

Farg‘ona viloyatining bir qator tumanlarida uy-joyga ehtiyojmand oilalarga yangi uylar topshirildi

Farg‘ona viloyatida ham uy-joyga muhtoj, imkoniyati cheklangan fuqarolar yangilangan namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan uy-joylar bilan ta’minlanmoqda.

Oramizda shunday insonlar ham borki, jismoniy imkoniyati cheklangani bois o‘z uyiga ega bo‘lishni bir umr orzu qilib yashaydi. Prezidentimiz tashabbusi bilan shunday insonlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, kam ta’minlangan oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor ehtiyojmand yurtdoshlarimiz hayotiga chinakam quvonch olib kirmoqda, odamlarda davlatga, ertangi kunga ishonch tuyg‘usini mustahkamlamoqda.

Farg‘ona viloyatining bir qator tumanlarida ham uy-joyga ehtiyojmand oilalarga yangi uylarni topshirish tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Shinam, bir oila bekamu ko‘st yashashi uchun barcha sharoit muhayyo etilgan uyga ko‘chib o‘tgan, hovli to‘yini qilib, quvonchini el bilan bo‘lishganlardan biri bag‘dodlik Dilbar Alijonovadir.

– Bugungi xursandligimni so‘z bilan ifodalab berolmayman, – deydi Dilbar. – To‘g‘ri, o‘z uyim bo‘lishini orzu qilardim, lekin bunaqasini xayolimga ham keltirmaganman. Baxtiyor hayot kechirish uchun barcha zamonaviy sharoit muhayyo. Faqat ishla, elga naf keltir, baxtiyor yasha! Orzularimizni ro‘yobga chiqarayotgan davlatimiz rahbaridan, yaxshi insonlardan minnatdormiz.

Uy topshirish marosimlari Oltiariq tumanida ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Tuman hokimligi va faollari ishtirokida o‘tgan tadbirda mamlakatimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasligi, ijtimoiy himoya davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan ekani ta’kidlandi.

– Mustaqillik bergan imkoniyatlar tufayli mamlakatimizda inson manfaatlariga, xalqimiz tinchligi va farovonligiga xizmat qiladigan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi Sodiq Rustamov. – Turmush o‘rtog‘im Gulnozaxon bilan yangi xonadonga ko‘chib o‘tdik. Bu yerdagi sharoitlardan barchamizning quvonchimiz cheksiz.

Uliver Fozilova – I guruh nogironi. Yolg‘iz farzandini o‘zi tarbiyalab kelmoqda. U 15-yildan buyon onasining 3 xonali uyida akasi, kelinoyisi bilan istiqomat qilardi. Shu kuni Beshariq tumanida yangilangan namunaviy loyihalar asosida qurib bitkazilgan ikki qavatli uydan 3 xonali xonadon kaliti unga tantanali ravishda topshirildi.

– Qizim yangi uyga ko‘chib o‘tganidan qalbim cheksiz quvonchga to‘ldi, – deydi uning onasi Aysha Dugon. – Yaqinda berilgan tikuv mashinasida 4 yarim million so‘mlik etak tikdi. Davlatimizning o‘z fuqarolariga mehribonligi, g‘amxo‘rligini qarang-ki, uyning dastlabki 16 million so‘mi Prezidentimiz tomonidan to‘lab berildi. Buning uchun Yaratganga behisob shukronalar aytamiz.

Dang‘aralik G‘ofurovlar imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay, oilaviy kasanachilik bilan shug‘ullanishadi. Qunduzxon II guruh, turmush o‘rtog‘i Saidjon III guruh nogironi. Oilaga viloyat hokimligi tomonidan berilgan tikuv mashinasida uy pardalari, ro‘zg‘or buyumlari tikib, daromad topmoqda. Buyurtmalar kun sayin ko‘payib borayotganidan xursand.

Dang‘ara tumanining Navbahor mahallasida qurib bitkazilgan 2 qavatli, 16 xonadondan iborat arzon uylarni egalariga topshirish marosimi haqiqiy shodiyonaga aylandi. Xonadon sohiblariga kalitlar topshirildi.

– Davlatimizning e’tiborga muhtoj qalblarga quvonch, hayotiga umid tuyg‘ularini ulashayotganidan butun xalqimiz mamnun, – deydi “Navbahor” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Oliyaxon Otaqo‘ziyeva. – Yangi xonadonlar topshirilishi bilan birga, viloyat hokimligi tomonidan gilam va uy-ro‘zg‘or buyumlaridan iborat jamlanma, yotoqxona mebellari ham tortiq etildi. Bu odamlarning ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
791






Все о погоде - Pogoda.uz