Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.04.2018 12:10 Chop etish versiyasi

Farg‘ona viloyatida tashkil etilgan sektorlar faoliyatidan aholi mamnun

Uyma-uy yurib o‘rganishlar, aholi bilan o‘tkazilayotgan muloqotlar ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda kuzatilayotgan dolzarb masalalarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Ayniqsa, bu uy-joy, kommunal hamda yo‘l xo‘jaligi, energiya, suv va issiqlik ta’minoti, transport qatnovi, hududlar obodligi, narx-navo barqarorligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim muassasalaridagi kamchiliklarni bartaraf etishda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Viloyat davlat soliq boshqarmasiga Quvasoy shahri, Quva va Toshloq tumani biriktirilgan bo‘lib, ishchi guruhlari tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

– Mazkur hududlarning eksport imkoniyatlarini oshirish, xizmat ko‘rsatish, turizm tarmoqlarini rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlariga ko‘maklashish, yangi ish o‘rinlari ochish, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlarni qo‘llash ham faoliyatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan, – deydi Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Hamidjon Habibidinov. – “Yo‘l xaritasi” asosida barcha masalalarga muhim e’tibor qaratib kelmoqdamiz. Sektor ishchi guruhlari a’zolari uyma-uy yurib, joylardagi ahvolni yaqindan o‘rganmoqda, tuman hamda viloyat miqyosida hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar yuzasidan takliflar tayyorlamoqda. Natijada juda ko‘plab oilaviy, ijtimoiy-maishiy muammolar, mehnat migratsiyasi, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash kabi masalalar mahallalarning o‘zida hal etilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida hududlardagi 54 ming 497 xonadonning ahvoli o‘rganildi. Muloqotlar davomida aholi tomonidan 19 ming 352 muammo va taklif bildirildi. Kommunal xizmat, gaz, suv, elektr energiyasi ta’minoti, ichki yo‘llar sifati hamda transport qatnovini yaxshilash, obodonlashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, imtiyozli kreditlar olish bilan bog‘liq 15 mingdan ortiq masala joyida bartaraf etildi. Shuningdek, 3 ming 682 murojaat “yo‘l xaritasi” va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish dasturlariga kiritildi.

Quvasoy shahrida gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida 7 kilometr quvur mukammal ta’mirlandi, 14 kilometrlik quvur rekonstruksiya qilindi, 6 ming 685 dona tabiiy gaz taqsimlash qurilmasi taftish qilindi, 450 kilometr gaz quvuri bosim ostida tozalandi. Toshloq tumanida "Qumariq", "Xonariq", "Zarkent", "Axshak" va "Quyi Yakkatut" mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi xonadonlarga gaz ballonlari tarqatildi, Qumariq mahallasida yashovchi X.Eshonqulov va O.Marupovalar oilasi gaz plita bilan ta’minlandi. Mazkur tumanda 5 kilometrlik elektr uzatish tarmog‘i tortish uchun 87 tayanch (stolba) olib kelindi va Zarkent mahallasi hududida o‘rnatish ishlari boshlandi. 5 dona transformator punkti ta’mirlandi. Natijada 2 ming 400 dan ortiq xonadonning elektr ta’minoti yaxshilandi. Shuningdek, Quva tumani Guliston mahallasi hududida 2 kilometr havo uzatmasi mukammal ta’mirlandi.

Sektor tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. 285 kam ta’minlangan oilaga, 46 nafar nogironga amaliy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, 200 dan ortiq uyushmagan yosh ish bilan ta’minlandi. Mazkur hududlarda mehnatga layoqatsiz fuqarolarning holidan muntazam xabar olinib, zarur dori-darmonlarni yetkazib turish ham yo‘lga qo‘yilgan.

Ayni paytda sektor a’zolarining e’tiborida chetda qolayotgan muammolar ham yo‘q emas. Mahallalarda va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish, aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish bo‘yicha tashkil etilgan Respublika ishchi guruhi tomonidan yaqinda Quva tumanida ko‘plab muammolar mavjudligi aniqlandi. Sanoatchilar mahallasida istiqomat qiluvchi 101 yoshli Zuhro momo Qurbonova bir necha yildan beri to‘shakka mixlangan. Momo zudlik bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va doimiy patronaj xizmati nazoratiga olindi. Unga Prezident sovg‘asi va dori-darmonlar, nogironlik aravachasi topshirildi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
2 760