O‘zA O`zbek

09.08.2018 15:29 Chop etish versiyasi

Farg‘ona viloyatida sektorlar faoliyati qoniqarlimi?

Farg‘ona viloyatida sektorlar faoliyati qoniqarlimi?
Farg‘ona viloyatida to‘rt sektor rahbarlari tomonidan joriy yil birinchi yarmida 88 mingdan ortiq muammo hal etilgan.

Prezidentimizning 2017-yil 8-avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori fuqarolarni qiynayotgan masalalarga yechim topish, aholi turmushi farovonliginiyuksaltirish, joylarda to‘planib qolgan muammolarni uzil-kesil hal qilishga yo‘naltirilgan hujjatlar hamda dasturlarning, ayniqsa, quyi bo‘g‘inda amalga oshirilishini ta’minlashda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Farg‘onada ham viloyat, shahar va tumanlar hokimlari, prokuratura, ichki ishlar tizimi, davlat soliq inspeksiyasining joylardagi rahbarlari o‘zlariga biriktirilgan hududlarda aholi bilan uchrashib, ularni o‘ylantirayotgan muammolar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rmoqda.

Har bir tuman va shahar ixtisoslashuvi chuqur tahlil qilingan holda, viloyat hududi 4 sektorga bo‘lingan. Viloyat hokimiga Qo‘shtepa, Farg‘ona, Yozyovon va So‘x tumanlari hamda Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlari, viloyat prokuroriga Beshariq, O‘zbekiston, Furqat, Dang‘ara tumanlari va Qo‘qon shahri, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga Uchko‘prik, Buvayda, Bag‘dod, Rishton va Oltiariq tumanlari, viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘iga Quva, Toshloq tumanlari va Quvasoy shahri biriktirilgan.

Viloyat bo‘yicha har bir sektor rahbari boshchiligida 80 ishchi guruh tuzilib, unga yuqoridagi idora va tashkilotlar vakillaridan iborat 2 ming 240 xodim jalb qilingan. Sektorlarning bunday strukturasi har bir hududda muammolarni uyma-uy yurib o‘rganishga imkoniyat yaratishi barobarida, ularning joyida yechim topishi va tez fursatda bartaraf etilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida to‘rt sektorrahbarlari hamda ularning ishchi guruhlari tomonidan 1 ming 31 mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 598 mingdan ortiq xonadon o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida 111,3 ming muammo aniqlanib, 88,4 mingtasi bartaraf etildi. Qo‘shimcha muddat va mablag‘ talab etiladigan 13 ming muammo viloyat, tuman, shahar va mahallalar “Yo‘l xaritasi”ga kiritildi.

Sektor rahbarlari huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish profilaktik tadbirlarini tegishli organlar, davlat boshqaruvi idoralari va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda o‘tkazmoqda.

Joriy yilning 6 oyida viloyat bo‘yicha jinoyatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1 ming 73 taga kamaygan. Mahalla fuqarolar yig‘inlarida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida olib borilgan ishlar tufayli354 mahallada umuman jinoyat sodir etilmadi.

Bu jarayonda, aynisa, aholi bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, viloyat hokimi sektori bo‘yicha 4 ming 550 ishsiz fuqaroro‘yxatga olinib, ularning 4 ming 286 nafari ishga joylashtirildi, 203 nafari kasbga qayta o‘qishga yuborildi, 43 nafariga ishsizlik nafaqasi tayinlandi. Shu bilan birga, 10 ming 792 fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etilib, 3 milliard988 million so‘m ish haqi to‘lab berildi. Biriktirilgan hududlar bo‘yicha 21 marta bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazilib, yo‘llanmalar asosida 1 ming 62 fuqaro ish o‘rniga ega bo‘ldi.

Ehtiyojmand oilalar va nogironlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ham sektorlarning asosiy vazifasi sifatida belgilangan. Shu bois uyma-uy yurish orqali ehtiyojmand oilalar muammolarini aniqlash, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar elektron bazasini shakllantirish va yuritishga alohida e’tibor qaratilib, yanvar-iyun oylarida 14 ming 682 ehtiyojmand oilaning ro‘yxati shakllantirildi. Ularga 58,3 milliard so‘m ijtimoiy nafaqa to‘landi, 429 tasining uy-joyi ta’mirlab berildi. Nogironlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning 668 nafariga nogironlik aravachasi, 100 nafarigaqo‘ltiqtayoq, 109 nafariga eshitish moslamasi olib berildi.

Sektorlar rahbarlari kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini, fermerlarni qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatidagi sun’iy to‘siqlarni bartaraf etishga ham doimiy e’tibor qaratayotir.

Albatta, sektorlar faoliyatida ayrim kamchiliklar ham bor. Masalan, viloyat bo‘yicha 8 sektor shtabida, jumladan, Farg‘ona tumani hokimi va soliq inspeksiyasi sektorlarida shtablar faoliyati to‘laqonli yo‘lga qo‘yilmagan. O‘rganishlar natijasida aniqlandiki, Yozyovon, Buvayda va Oltiariq tumanlari sektorlarida fuqarolar va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar belgilangan jadvalga muvofiq tashkil etilmagan. Ayrim sektorlar tomonidan aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ish tizimli yo‘lga qo‘yilmagan, “Yo‘l xaritasi” nomigagina tasdiqlangan, sektorlar faoliyati bo‘yicha fuqarolar yetarlicha xabardor qilinmagan.

Xalqning og‘irini yengil qilish, hayotdan rozi bo‘lib yashashiga ko‘maklashish barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning asosiy vazifasidir. Zero, bu mamlakatimizda har bir fuqaroning hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan ishlarni samarali hamda izchil ro‘yobga chiqarishga zamin yaratadi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
3 749