O‘zA O`zbek

19.06.2018 17:30 Chop etish versiyasi

Farg‘ona viloyati shahar va tumanlari tibbiyot muassasalarida “Ayollar maslahatxonasi” tashkil etildi.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, salomatligini mustahkamlash, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Xotin-qizlarning reproduktiv salomatligini ta’minlash, qizlar va fertil yoshdagi ayollarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam xizmati sifatini oshirish dolzarb vazifalardan biridir. Har yili mamlakatimizda 95 foiz homilador ayollar perinatal skrining tekshiruvidan o‘tkazilsa-da, natijasi amalda sezilmayapti. Shu bois oilaviy poliklinika va qishloq vrachlik punktlarida “Ayollar maslahatxonasi” tashkil etilayotir.

Viloyatdagi 19 markaziy, 26 shahar oilaviy hamda 88 qishloq oilaviy poliklinikalari, 62 qishloq vrachlik punkti qoshida o‘smir qizlar va fertil yoshdagi ayollar uchun “Ayollar maslahatxonasi” tashkil etildi. Bu yerda xotin-qizlarga tibbiy, ijtimoiy, psixologik yordam ko‘rsatish uchun barcha sharoit yaratilgan.

– Maslahat markazlarida erta turmush va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish, oila qurishni rejalashtirish, tug‘ruqlar o‘rtasidagi davrni uzaytirish yuzasidan tibbiy va ijtimoiy-psixologik nuqtai nazardan ilmiy asoslangan maslahatlar berilmoqda, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Umarov. – Viloyatda tashkil etilgan 195 “Ayollar maslahatxonasi”da bugungi kunga qadar hududdagi 951 ming nafarga yaqin xotin-kizlarning 149 ming nafardan ziyodi, jumladan, 23 mingdan ortiq o‘smir qizlar qabul qilinib, ularning tibbiy holatidan kelib chiqib, kerakli maslahatlar berildi. Ushbu maskanlarning samarali faoliyati kelgusida aholi, ayniqsa, xotin-qizlar o‘rtasida tibbiy madaniyatning yaxshilanishi va sog‘lom turmush tarzining barqarorlashuviga xizmat qiladi.

Ayni kunlarda viloyatdagi barcha “Ayollar maslahatxonasi” zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlanmoqda. Yaqin kunlarda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida tunu kun faoliyat ko‘rsatuvchi tezkor aloqa tarmog‘i ishga tushiriladi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
4 388