O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Farg‘ona viloyati paxtakorlarining marrani zabt etishiga oz qoldi

Farg‘ona viloyati paxtakorlarining marrani zabt etishiga oz qoldi

Farg‘ona viloyati paxtakorlari paxta yig‘im-terimi mavsumida mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib, davlatga paxta topshirish rejasini bajarish arafasida turibdi. 82 ming 100 gektar maydonda yetishtirilgan mo‘l hosil sifatli terilib, paxta punktlariga topshirilmoqda. Hozirga qadar Yozyovon, Qo‘shtepa, Rishton, Toshloq va Furqat tumanlari katta xirmon bunyod etib, rejani ortig‘i bilan uddaladi.

Uchko‘prik tumani paxtakorlari ham davlatga 17 ming 200 tonnadan ziyod paxta topshirib, shartnomaviy rejani bajardi. "Real Trans Logistic" unitar korxonasi bu yerda ilk bor klaster usulida paxta yetishtirdi. 5 ming 720 gektar maydonda hudud iqlimiga mos g‘o‘za navlari tanlanib, barcha agrotexnik talablar asosida parvarish qilindi. Mirishkor fermerlarning yaratib berilgan imkoniyat va imtiyozlardan to‘laqonli va samarali foydalanishi, tunu kun qilgan fidoyi mehnatlari o‘z natijasini ko‘rsatdi. O‘rtacha hosildorlik gektariga 30,6 sentnerni tashkil etdi.

“MX Don taraqqiyot”, “Mendieva Ra’noxon”, “Mirjalol Guliston durdonasi” kabi fermer xo‘jaliklarida yuqori hosil olinib, salmoqli daromadga erishildi. Ayni kunlarda tuman paxtakorlari qo‘shimcha 2 ming 500 tonna paxta topshirishni rejalashtirgan.

545
M. Sulaymonov, O‘zA