Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.01.2017 13:32 Chop etish versiyasi

Farg‘ona shahrida harbiylar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 25-yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Sharqiy harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qismlarda ham turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Askarlarning jismoniy va intellektual salohiyatini, ma’naviyatini yanada yuksaltirishga qaratilgan bunday tadbirlarda keng jamoatchilik vakillari ham ishtirok etmoqda.

Farg‘ona shahridagi harbiy qismda «O‘zbekiston – mustaqil Vatanimiz, milliy armiyamiz faxru g‘ururimiz!» shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda muddatli harbiy xizmatchilar, serjant va ofitserlar, shoir va yozuvchilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida milliy armiyamiz qudratini yanada oshirishga qaratilgan islohotlar askarlarning jangovar tayyorgarligini mustahkamlash va ma’naviyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Qurolli Kuchlarimiz saflariga jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk yoshlar jalb etilmoqda. Yoshlarimiz orasida armiyada xizmat qilishga qiziqish va intilish kuchayib borayotir.

O‘zbekiston xalq shoiri E.Siddiqova va boshqalar mamlakatimizning mudofaa qudratini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida yurtimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi va xalqimiz osoyishtaligini ta’minlashga qodir milliy armiyamiz shakllantirilganini alohida ta’kidladi. Vatan himoyachisi bo‘lishdek olijanob ishga o‘zini bag‘ishlagan, Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilayotgan mard, jasur o‘g‘lonlarni voyaga yetkazgan ota-onalarga minnatdorlik bildirildi.

– Bugun mamlakatimizda har bir yigitning orzusi, avvalo, el-yurtga sadoqat bilan xizmat qilishdir, – deydi kapitan S.Kamolov. – Men ham yurtimizning ana shunday baxtiyor farzandlari qatorida ekanimdan faxrlanaman. Biz, harbiylar davlatimizning doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligini his etamiz. Xizmatda ham, oilada ham, jamiyatda ham o‘z o‘rnimizga egamiz. Bayram arafasida o‘tkazilayotgan bunday tadbirlar esa bizga ma’naviy-ruhiy madad beradi.

Tadbirda askarlar, badiiy jamoalar, san’atkorlar tomonidan tayyorlangan bayram dasturi namoyish etildi. Bir guruh askar va serjantlarga tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyev so‘zga chiqdi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
3 619






Все о погоде - Pogoda.uz