Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.01.2018 12:11 Chop etish versiyasi

Farg‘ona shahri bo‘ylab harbiy xizmatchilarning saf ko‘rigi hamda velomarafon tashkil etildi

Farg‘ona shahri bo‘ylab harbiy xizmatchilarning saf ko‘rigi hamda velomarafon tashkil etildi Farg‘ona shahridagi “Istiqlol” stadionida bo‘lib o‘tgan “Milliy armiyamiz – yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabidir” shiori ostidagi festivalda 15 mingdan ziyod yoshlar, harbiylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi, sarhadlarimiz daxlsizligi yo‘lida hamisha hushyor va ogoh Vatan himoyachilari borki, bizning ko‘nglimiz xotirjam, osmonimiz musaffo. Ammo vatanparvarlik nafaqat chegarada turgan askar yoki zobit, balki shu yurtning farzandiman, degan yoshu keksa – barchaning burchdir. Ayni kunlarda joylarda bo‘lib o‘tayotgan Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 26 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayram tadbirlarida bu o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda. Farg‘ona viloyatida ham turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Tadbir avvalida Farg‘ona shahri bo‘ylab harbiy xizmatchilarning saf ko‘rigi hamda velomarafon tashkil etildi. Harbiylarning tantanali chiqishlarini ishtirokchilar olqishlar bilan kuzatdi. G‘oliblar viloyat hokimligi va Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan taqdirlandi.

9.jpg

– Farg‘onada o‘tayotgan kunlarim men uchun unutilmas bo‘lib qoladi, – deydi muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan oddiy askar Abdumalik Zoirov. – Yurtimizning baxtiyor farzandlari qatorida ekanimdan faxrlanaman. Ajdodlarimiz xoki yotgan muqaddas zaminimizni tashqi tahdid va xatarlardan qo‘riqlash, bunyodkor xalqimiz osoyishtaligini himoya qilish dunyodagi eng sharafli ish ekanini harbiy xizmat davrida yanada teran angladim. Jismonan chiniqdim, ma’nan yuksaldim, yetarli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘ldim. Kelgusi hayotimni shu soha bilan bog‘lab, umrimni Vatan himoyasiga bag‘ishlamoqchiman.

Darhaqiqat, Vatan himoyasi – muqaddas burch ekanini chuqur anglagan bu yigitlarning ko‘zlaridagi g‘ayrat-shijoat, ishonch va qat’iyat sizga ham yuqadi. Vatanparvarlikka, yurtning munosib himoyachisi bo‘lishga intilish yigitlarimizni yanada o‘ktam ko‘rsatmoqda. Aslida bu tarbiya xonadonlarimizda farzand tug‘ilishi bilan boshlanadi. Qadriyatlarimiz asosidagi ota-onaga, Vatanga sodiq bo‘lish sharaf va ulkan mas’uliyat ekani uqtiriladi. Ayniqsa, oila a’zolaridan birining harbiy xizmatga borishi va u yerdan harbiycha libosda qaytishi yaqinlarning ko‘z o‘ngida muhim bir haqiqatni namoyon etadi. Ya’ni, armiya saflarida bo‘lgan yigit tom ma’nodagi yurt himoyachisi va xalqning mehriga loyiq farzand. Unga hamma havas bilan qaraydi, kichkintoylar ulardek bo‘lishni orzu qiladi. Mana shu manzaraning o‘zidayoq katta ibrat sabog‘i mavjud.

Festival ishtirokchilari bu xususiyatlarni yanada chuqur his etdilar. Harbiy orkestr sadolari ostida saf tortib o‘tgan Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti o‘quv-sport texnika klubi yoshlari, sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha mamlakat va xalqaro miqyosda g‘alabalarga erishgan chempion o‘g‘il-qizlar, harbiy qismlar zobitlari kirib kelganida butun maydon olqishlarga to‘ldi. Tadbirda maxsus harbiy bo‘linma va viloyat ichki ishlar boshqarmasi maxsus otryadining jangovar xatti-harakatlarini, tashqi tahdidlarga qarshi kurashchanlik ruhi aks etgan chiqishlarini ishtirokchilar katta qiziqish bilan kuzatdilar.

– O‘zbekiston kabi tinchliksevar, o‘z farzandlari kamolotiga keng yo‘l ochib, baland parvoziga qanot beradigan, eng ulug‘vor maqsadlarini dilbandi taqdiri bilan bog‘laydigan bolaparvar yurt bormikin? – deydi Oltiariq tumanidan mehnat faxriysi Mashrabjon Roziqov. – Bugun hayot-mamot masalasi bo‘lgan Vatanni qo‘riqlash, shu yurtning chinakam vatanparvarlarini tarbiyalash masalasi har qachongidan dolzarb. Bu kabi tadbirlar ana shu jihatlari bilan ahamiyatlidir.

Tadbirda taniqli xonandalar, estrada yulduzlari, raqs ansambllari tomonidan Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi, rang-barang raqslar ijro etildi.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
11 524