Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.01.2018 16:24 Chop etish versiyasi

Farg‘ona qoyatoshlarida tasvirlangan «g‘ayritabiy mavjudotlar»

Farg‘ona qoyatoshlarida tasvirlangan «g‘ayritabiy mavjudotlar» Ajdodlarimiz otga minibdikik, g‘animlari tomonidan bir haqiqat bob-bot eslanadi: “Turkiylarni yengish uchun avval ularni otdan tushirmoq kerak!”....

Qadimgi davrdan Rimdan Xitoygacha bo‘lgan mamlakatlarda O‘rta Osiyoning «saman otlari» tengi yo‘q hisoblangan. Bu otlar hozirgi axaltekin, qorabayir otlarning ajdodlari edi. Qadimgi manbalarda «g‘ayritabiiy mavjudotlar», «ilohiy otlar», «osmon otlari» deb atalgan O‘rta Osiyo otlarining shon-shuhrati aynan miloddan avvalgi ming yillikka borib taqaladi.

Bunday otlarni yetishtirishda Parfiya, Baqtriya, Farg‘ona, Choch (Toshkent vohasi) yilqichi-naslchilari dong chiqargan edilar. Otlar hattoki o‘zaro urushlarga, bosqinchilik yurishlarga ham sabab bo‘lgan. Misol uchun, miloddan avvalgi 104 va 101 yillarida Xitoyning Xan imperiyasi qo‘shinlarining qadimgi Farg‘onaga qilgan harbiy yurishiga ham otlar sabab bo‘lgan.

Xitoy G‘arbiy Xan imperiyasining hukmdori U-di atrofdagi qabilalarni o‘ziga itoat ettirib, ularning yerlari hisobidan Xitoy hududini kengaytirmoqchi bo‘lgan. Shu maqsadda harbiy ittifoq tuzish uchun Markaziy Osiyoda yirik imperiya, ya’ni Kushonlar imperiyasiga elchi yuboradi.
Xan hukmdori yuborgan elchi Jang Chyan Kushonlar imperiyasiga kelib ketgach, Markaziy Osiyo xalqlari haqida, jumladan, qadimgi Farg‘ona davlati va bu yerdagi xitoylarga ma’lum bo‘lmagan samoviy otlar haqida ma’lumot beradi.

Xitoy manbalarida Farg‘ona otlari haqida afsonalar ham to‘qilgan: «Farg‘onada mamlakat chegarasiga yaqin yerda bir baland tog‘ bor. Bu tog‘ ustida ushlab bo‘lmaydigan ot bor ekan. Rangdor urg‘ochi otni ushbu tog‘ etagiga joylashtirib, shu otdan bolalatib olishgan ekan. Tug‘ilganda toychadan qonsimon ter oqib turgan ekan, shu bois unga Tangri oti deb nom qo‘yilgan ekan».

Farg‘onaning «qon terli otlari» deb atalgan bu otlarning bo‘yi baland, tanasi baquvvat, lekin ixcham tuzilgan, bo‘yni oqqush singari qayrilgan, qirg‘iyburun boshli bo‘lgan. Ushbu otlarning tasviri Farg‘ona qoyatoshlaridagi suratda – Aravon qoyasida, Marhamat yaqinida, Novkat vodiysida va Obishirda, Ayirmachtov tog‘ tizmasida tasvirlangan. Qoyalarda tasvirlangan otlarning aksariyati chayir, yag‘rini baland, oyoqlari alifdek, mo‘’jazgina kallali, uzun ohista egilgan bo‘yinli.

Xitoydagi otlar jussasi kichik, oyoqlari kalta, tez chopa olmas edi. Shu bois imperator elchilar orqali 1000 jing (hozirgi hisobda 500 kg) oltin va oltindan yasalgan ot haykali yuborib, Farg‘ona hukmdoridan bular evaziga zotli otlardan berishni so‘ragan. Biroq Farg‘ona hukmdori bebaho otlarni bermagan. Bundan jahli chiqqan U-di qo‘shini Farg‘onaga ikki marta harbiy qo‘shin yubordi.

Ikkinchi yurishda farg‘onaliklar bilan sulh tuzilib, o‘ntacha zotli tez chopar otlar va uch mingdan ortiq o‘rta hol otlar olib ketiladi.

Bu otlarning Xitoydagi bugungi taqdiri haqida jurnalist Muhammadjon Obidov Xitoyga qilgan safarida shunday yozadi: Urumchida YeMA korporatsiyasi bo‘lib, uning mo‘’jizalar maydoniga aylangan ko‘rgazma bog‘larini har yili minglab sayyohlar hayrat bilan tomosha qiladi. U shu yerda Farg‘onadan keltirilgan, har bir arg‘umoqqa naqshinkor eshikli alohida xona, uch-to‘rt eshik oldida bittadan otboqar borligini ko‘rdi. Otchopar peshtoqida Xitoy Xalq Respublikasi va O‘zbekiston bayroqlari xilpirab turardi, xitoy tilida «Bu yerda Farg‘ona naslli otlari boqiladi» deb yozilgandi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
5 073