O‘zA O`zbek

05.07.2019 18:20 Chop etish versiyasi

“Fargʻona press-klub” ilk sessiyasini oʻtkazdi

“Fargʻona press-klub” ilk sessiyasini oʻtkazdi

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimi tarkibida “Fargʻona press-klub” oʻz faoliyatini boshladi.

Mazkur press-klubning ilk sessiyasi davlatimiz rahbarining joriy yil 6-7-may kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida belgilab berilgan vazifalarning ijrosi, amalga oshirilayotgan ishlar tahlili hamda bir guruh viloyat faollarining fargʻonaliklarga yoʻllagan murojaatnomasi targʻibotiga bagʻishlandi. Unda Toshloq, Yozyovon tumanlari hokimlari, viloyatdagi bir qator tashkilot va boshqarmalarning rahbarlari, tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlganidek, Fargʻona viloyatida ham aholi turmush farovonligini yanada yuksaltirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz viloyatga tashrifi chogʻida koʻplab yoʻnalishlarda aniq vazifalarni belgilab bergan boʻlib, ayni kunlarda uning ijrosini taʼminlashga muhim eʼtibor qaratilmoqda. Viloyat faollari ham ana shulardan kelib chiqib, murojaatnoma qabul qilgan.

Ishlab chiqilgan dasturga koʻra, viloyatda 2019-2020-yillarda qiymati 40,4 trillion soʻm boʻlgan 624 ta yirik va oʻrta investitsiya loyihasi ishga tushirilishi belgilangan boʻlib, ular negizida 49,8 mingta ish oʻrni yaratiladi. 300 ming nafar xotin-qizning bandligini taʼminlash boʻyicha ham manzilli dastur ishlab chiqilgan. 2019-2022-yillar davomida Oltiariq tumanida 10 ta uzumchilik, Quva tumanida 10 ta anorchilik va Quvasoy shahri, Quva, Oʻzbekiston tumanlarida 5 ta giloschilikka ixtisoslashgan klasterlarni tashkil etish ishlari boshlangan. Shuningdek, beshta tashabbusni amalga oshirish, investitsiyalarni jalb etish kabi koʻplab yoʻnalishlarda ham amaliy ishlar davom etmoqda.

Sessiyada ayrim hududlarda bu boradagi ishlarning ijrosini taʼminlashda baʼzi bir kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotgani tanqid ostiga olindi. Xususan, Toshloq tumanida “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida kredit ajratish, Yozyovon tumanida esa xorijiy investitsiyalarni jalb etish, Oltiariq tumanida uzumchilik klasterini tashkil etish borasidagi ishlar sust amalga oshirilmoqda. Viloyatda xotin-qizlar bandligini taʼminlash masalasida ham tegishli mutasaddi tashkilotlar amaliy ishga qoʻl urgani yoʻq. Mazkur mavzularga oid tanqidiy videolavha namoyish etildi. Tuman hokimlari va mutasaddilar tomonidan bu boradagi ishlar atroflicha muhokama qilindi.

– Hozirga qadar 3 ta qoʻshma korxonani ishga tushirdik, – deydi “Sayqal” xususiy korxonasi rahbari Abdurahmon Niyozov. – “Olma pish, ogʻzimga tush”, degan zamonlar oʻtdi. Tadbirkorning zamoni keldi. Toshdan qogʻoz ishlab chiqaradigan qoʻshma korxonamiz ham nasib qilsa, yangi yildan ilk mahsulotini chiqara boshlaydi. Mana, bugun viloyatimizdagi 9 ta tumanda xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona kamligi aytib oʻtildi. Xoʻsh, buning asl sabablari nimada? Biz ana shunga alohida eʼtibor qaratishimiz kerak.

Muloqot davomida tashkilot va boshqarmalar rahbarlari, tadbirkorlar, jurnalistlar oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Savollariga javob oldi.

Mazkur press-klubning davriyligi qanday boʻladi, degan savolimizga press-klub rahbari Muhammadjon Obidov shunday javob berdi:

– Biz press-klubning sessiyalarini maʼlum bir jadval asosida olib bormaymiz. Sessiya mavzularini kundalik voqea yoki dolzarb yangiliklardan kelib chiqib belgilaymiz. Oʻsha kuni tegishli mutasaddilar va jurnalistlar ishtirokida muhokama qilish, aholining bundan xabardor boʻlishini taʼminlashga harakat qilamiz.

M.SULAYMONOV, OʻzA
4 621