O‘zA O`zbek

16.07.2020 Chop etish versiyasi

Faqat fuqarolar soliq toʻlashga majburmi?

Faqat fuqarolar soliq toʻlashga majburmi?

Iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlar tajribasida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va biznesga qulay shart-sharoit yaratish mexanizmlaridan biri - optimal soliq siyosati hisoblanishi oʻz isbotini topgan. Davlat optimal soliq siyosati iqtisodiyotni barqaror rivojlanishi bilan birga davlat funksiyasi ijrosini taʼminlashning asosiy moliyaviy manbai boʻlgan byudjet daromadlarini shakllanishini ham taʼminlaydi.

Soliq toʻlovchilarning soliq toʻlash majburiyatining muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati davlat funksional vazifalarini toʻliq va uzluksiz bajarilishi bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirishni oʻz vaqtida taʼminlashida namoyon boʻladi. Mamlakat soliq maʼmuriyatchiligining rivojlanish darajasi soliq tizimini oqilona tashkil etish va uning samaradorligini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu munosabat bilan, davlat uchun moliyaviy resurslarni byudjetga barqaror ravishda yetkazib berish emas, balki soliq organlari va soliq toʻlovchilarning oʻzaro hamkorligi jarayonida bir-biriga boʻlgan ishonch va hurmat munosabatlarini shakllantirish asosida soliq majburiyatlari bajarilishini taʼminlaydigan soliq maʼmuriyatchiligi tizimini yaratish juda muhimdir.

Soliq tizimining samarali faoliyat yuritishining asosiy mezoni byudjetning daromad qismini shakllantirishdagi soliq tushumlarini ixtiyoriy ravishda taʼminlash ulushi darajasining oʻsib borishi hisoblanadi. Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining asosiy yoʻnalishlarida soliq qonunchiligini soddalashtirish, soliq munosabatlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlardagi ziddiyatlar va toʻqnashuvlarni bartaraf etish, halol soliq toʻlovchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish mamlakatda soliq tizimini isloh qilishning muhim vazifalaridan biri sifatida belgilab qoʻyilgan.

Soliqlar jismoniy va yuridik shaxslar daromadlari bir qismini davlat manfaatlariga majburiy tarzda ajratish bilan bogʻliq huquqiy-iqtisodiy munosabatlar tizimini oʻzida ifodalaydi. Davlat va soliq toʻlovchilar oʻrtasida sodir boʻladigan soliq munosabatlari fundamental huquqiy asosi odatda koʻpchilik davlatlar qomusiy hujjati hisoblanadigan konstitutsiyada fuqarolarning majburiyatlari yoki burchi sifatida belgilab qoʻyiladi. Soliq toʻlash shartligi va uni toʻlash fuqarolar uchun konstitutsiyada belgilangan meʼyor ekanligi toʻgʻrisida olimlarning koʻplab qarashlari mavjud boʻlsada, lekin hamon ushbu masalada ilmiy munozaralar uchrab turadi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (51-moddasi)da “fuqarolar zimmasiga qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yigʻimlarni toʻlash majburdirlar”, degan konstitutsiyaviy meʼyor sifatida belgilab qoʻyilgan. Konstitutsiyadagi ushbu meʼyor asosida soliq qonun hujjatlari ishlab chiqilgan va ular jamiyatda soliq bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solib kelish uchun xizmat qilib kelmoqda.

Joriy yil 1-yanvaridan amalga kiritilgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi 19-moddasida “soliq toʻlovchilar, soliq agentlari va vakolatli organlar soliq munosabatlarining subyektlari” hisoblanishi belgilab qoʻyilgan. Kodeksning 20-moddasida esa “ushbu kodeksga muvofiq zimmasiga belgilangan soliqlar hamda yigʻimlarni toʻlash majburiyati yuklatilgan yuridik va jismoniy shaxslar soliq toʻlovchilar, deb eʼtirof etilishi nazarda tutiladi.

Fikrimizcha, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 51-moddasi va Soliq kodeksida soliq toʻlovchilar toifasini belgilashda nomuvofiqlik mavjud. Chunki konstitutsiyada faqat fuqarolarga soliqlar va mahalliy yigʻimlarni toʻlash majburligi belgilangan boʻlsa, soliq qonunchiligi konstitutsiyaviy meʼyor doirasidan chetga chiqib, yuridik va jismoniy shaxslarga soliq toʻlash majburiyatini yuklamoqda. Yuridik shaxs va jismoniy shaxs tushunchalarining taʼrifi Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 39 va 16-moddalarida belgilab qoʻyilgan. Fuqarolik kodeksi talabiga koʻra jismoniy shaxs tushunchasi “fuqaro” tushunchasidan birmuncha kengroq boʻlib, u boshqa davlat fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni ham qamrab oladi.

Butun dunyo mamlakatlarida ham yuridik va jismoniy shaxslar zimmasiga qonun bilan belgilangan soliqlar hamda yigʻimlarni toʻlash majburiyatini yuklash amaliyoti mavjud.

DUNYO MAMLAKATLARI KONSTITUTSIYALARIDAGI SOLIQ TOʻLASH MAJBURIYATI TAHLILI

Soliq toʻlash masalasi bilan bogʻliq konstitutsiyaviy meʼyorlarni tahlil qilishda dunyoning koʻpchilik davlatlari konstitutsiyalarida soliq toʻlash burch, ayrim davlatlarda esa majburiyat sifatida eʼtirof etilishini kuzatish mumkin.

Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasining 57-moddasida “har kim qonun bilan belgilangan soliqlar va yigʻimlarni toʻlashga majbur” ekanligi belgilangan. Ushbu konstitutsiyaviy meʼyorga koʻra Rossiyada barcha shaxslar uchun soliq toʻlash majburiyat hisoblanadi.

Sobiq ittifoq respublikalari hisoblangan Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ukraina, Gruziya, Armaniston Respublikalarida ham soliq toʻlash majburiyat sifatida belgilangan konstitutsiyaviy meʼyor hisoblanadi.

Xuddi shuningdek, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya davlatlarida ham soliqlarni toʻlash fuqarolarning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilangan meʼyordir.

Lekin ushbu davlatlardan farqli ravishda Belarusda soliq toʻlash bilan bogʻliq meʼyor fuqarolarning majburiyati tarzida emas, balki davlat xarajatlarini amalga oshirishda ishtirok etish mexanizmi sifatida eʼtirof etiladi. Soliq toʻlash bilan bogʻliq meʼyor konstitutsiyada “Belarus Respublikasi fuqarolari davlat soliqlari, boj va boshqa toʻlovlarini toʻlash yoʻli bilan davlat xarajatlarini moliyalashtirishda ishtirok etadi” mazmunida bayon etilgan.

Ozarbayjon Respublikasida soliqlar toʻlash bilan birga, ularni toʻliq va belgilangan muddatlarda toʻlash ham qomusiy hisoblanadi. Konstitutsiyaga muvofiq “qonun bilan belgilangan soliqlar va boshqa davlat yigʻimlarini toʻliq va oʻz vaqtida toʻlash barchaning burchi hisoblanadi”. Ushbu meʼyor Belarus, Qirgʻiziston, Xitoy, Janubiy Koreya, Oʻzbekistondan farqli ravishda faqat fuqarolar uchun majburiyat yoki burch emas balki barcha uchun taalluqli meʼyor hisoblanadi.

Tadqiqotlar davomida oʻtkazilgan tahlillarimiz soliq majburiyat yoki burch sifatida konstitutsiyada belgilab qoʻyish amaliyoti barcha davlatlarga xos emasligini koʻrsatdi. Masalan, qayd etilgan davlatlardan farqli ravishda Avstriya, Buyuk Britaniya, Hindiston, AQSHlari kabi davlatlarda soliqlar toʻlash bilan bogʻliq huquqiy meʼyor konstitutsiyada oʻz aksini topmagan.

Polshada soliq toʻlash bilan bogʻliq konstitutsiyaviy meʼyorning bayon etilishi yuqorida qayd etilgan davlatlardagidan mazmun jihatdan farq qilishini koʻrish mumkin. Polsha Konstitutsiyasi 84-moddasida "Har kim ommaviy hokimiyat oʻrnatgan cheklov va talablarni bajarishga, shu jumladan, qonunda belgilangan soliqlarni toʻlashga majbur” ekanligi belgilab qoʻyilgan. Demak, Polshada har kim soliq toʻlashdan tashqari ommaviy hokimiyat tomonidan oʻrnatilishi mumkin boʻlgan cheklov va talablarni ham bajarishga majbur hisoblanadi. Ushbu tarzdagi qoʻshimcha talab sohibqiron Amur Temur hukmronlik davrida harbiylarga zarur hollarda uy-joy, ot-ulov va ularga ozuqa ajratish aholiga majburiyat tarzi yuklatilgan.

MUAMMO...

Soliq majburiyati konstitutsiya va qonunlarda belgilangan boʻlsa-da¸ uni paydo boʻlishi maʼlum bir holatlarni yuzaga kelishini ham talab qiladi. Masalan, soliq majburiyati uchun soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan soliq turlari, stavkalar, soliq toʻlovchilar va soliq obyekti kabi elementlar majmuasi hamda soliq maʼmuriyatchiligidan iborat soliq munosabatlari tizimi mavjud boʻlishi zarur.

Tahlillardan koʻrinadi, koʻpchilik davlatlarda (Xitoy, Belarus, Qirgʻiziston, Janubiy Koreya, Oʻzbekiston) soliq toʻlash faqat fuqarolar zimmasiga yuklatilgan konstitutsiyaviy majburiyat yoki burch sifatida eʼtirof etilgan, xolos. Ammo barcha tahlil qilingan barcha davlatlarda yuridik shaxslar, norezidentlar, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham soliq toʻlovchilar hisoblanadi.

Ayrim davlatlar soliq toʻlovchilarni belgilashda fuqaro iborasidan cheklanib, “har kim”, “barcha” kabi tushunchalarni qoʻllanilgan. Masalan, Qozogʻiston, Gruziya, Ozarbayjon Respublikalari soliq toʻlashni majburiyat sifatida barchaga yuklaydi. Rossiya, Ukraina, Armaniston, Polshada “har kim”ning zimmasiga soliq toʻlash majburiyati yuklatilgan. Konstitutsiyadagi “har kim”, “barcha” kabi tushunchalar keng qamrovli boʻlib, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, norezidentlar va yuridik shaxslar ham ushbu toifaga taalluqli boʻladi. Shu bois ushbu davlatlar soliq qonunchiligi va konstitutsiyalarida soliq toʻlovchilar toifalarini aniqlashda nomuvofiqlik kuzatilmaydi.

Lekin soliq toʻlash konstitutsiyada faqat fuqarolar zimmasiga yuklatilgan mamlakatlar konstitutsiyalari va soliq qonunchiliklarida belgilangan soliq toʻlovchilar toifalarida nomuvofiqlik mavjudligini koʻrish mumkin.

TAKLIF...

Oʻzbekiston Respublikasi va dunyoning ayrim mamlakatlari konstitutsiyalarida soliq toʻlash boʻyicha belgilangan huquqiy meʼyorlarni tahlil qilish natijalari asosida qomusiy qonunchilikni takomillashtirish zarurligini koʻrish mumkin. Yuqorida qayd etilganlarga asosan soliq toʻlash toʻgʻrisidagi qonun meʼyorlaridagi nomutanosibliklarni bartaraf etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 51-moddasi amaldagi tahririni:

“Barcha shaxslar zimmalariga qonun bilan yuklatilgan soliqlar, majburiy toʻlovlar va yigʻimlarni toʻlashga majburdirlar” mazmunidagi tahrir bilan oʻzgartirish taklif etiladi.

Mazkur taklifni amaliyotga joriy etish konstitutsiya va soliq qonunchiligidagi soliq toʻlovchilar toifasini belgilashda mavjud nomuvofiqlikni bartaraf etish uchun xizmat qiladi.

Bahodir Isroilov, Yuristlar malakasini oshirish markazi kafedra mudiri, i.f.d., professor.

Boburshoh Ibragimov, mustaqil izlanuvchi

1 158
O'zA