O‘zA O`zbek

30.03.2020 Chop etish versiyasi

Faqat bugunni oʻylab yashab boʻlmaydi!

Faqat bugunni oʻylab yashab boʻlmaydi!
EL BOSHIGA ISH TUSHGANDA

Shu kunlarda xalqimiz uchun eng zaruri – birdamlik! Chunki sinovli kunlarni boshdan kechiryapmiz. Butun dunyo oyoqqa turgan. Bu koʻrinmas baloi ofatni daf qilish uchun hamma choralar koʻrilyapti. Odamlarimizni asrash, ularning sogʻligini muhofaza qilish davlatimizning eng muhim vazifasiga aylangan.

Ammo el boshiga ish tushganda shunchaki tomoshabin boʻlib oʻtirish yaramaydi. Baʼzilar, hech boʻlmasa, “Ey baraka topgurlar, behuda vahima koʻtarmanglar, karantin qoidalariga amal qilinglar” degan oddiy talabni ham bajara olisholmayotgani odamni tashvishga soladi.

Toʻgʻri, davlatimiz hech bir yurtdoshimizni eʼtibordan chetda qoldirmaydi. Ammo najotni faqat osmondan kutib yashash ham toʻgʻri emas-da. Chunki, bu ogʻir dardni ertami, indinmi, bari bir yengib oʻtishimizga, ishonaman. Hayot yana avvalgi maromiga tushadi ham! Xoʻsh, shunday ekan, faqat bugunni oʻylab yashasak, yutqazib qoʻyishimiz mumkin.

Jilla qursa, biz, tadbirkorlar, bunday mashaqqatli damlarda fidoyi boʻlaylik! Davlat iqtisodiyoti zarar koʻrmasligi uchun jon koyitaylik!

Oʻzimizdan misol, korxonamizda olti kishi ishlaydi. Kuniga bir tonna miqdorida non va non mahsulotlari ishlab chiqaramiz. Lekin, faoliyatimizni butunlay toʻxtatib qoʻya olmaymiz. Chunki, hamma texnologik jarayonlarni yoppasiga toʻxtatsa, aholining ehtiyojlari nima boʻladi? Tanqislik yuzaga kelmaydimi? Yaxshi umidlar bilan ochgan korxonamiz-chi? Ishchilarimizning ahvoli nima kechadi? Axir ularning ham roʻzgʻori, bola-chaqasi, qora qozoni bor! Qolaversa, davlat iqtisodiyoti uchun ham madad kerak!

Ayni sababdan, avvalo, ishchilarimizning karantin qoidalariga toʻliq amal qilishini taʼminlayapmiz. Dezinfeksiya qilingan mashinalarda ishga qatnashyapti. Korxonamizda ham xuddi shunday choralar koʻrilgan. Barcha tibbiy niqob, shaxsiy gigiyena vositalari bilan taʼminlangan. Yaʼni salomatligi doimiy nazoratda.

Aytmoqchi boʻlgan gapim shu: el boshiga tushgan bu dardni hamjihatlikda yengaylik! Karantin davrida odamlarimizning oʻz uylarida xotirjam, hech narsaga zoriqmay va betashvish oʻtirishi, davlatimizning iqtisodiy baquvvat boʻlishi bugun koʻproq sizu bizga bogʻliq, aziz tadbirkorlar!

Akmalxon MAHMUDOV,
Namangan shahridagi “Vodiy non” korxonasi rahbari.

738
O'zA