Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.03.2017 12:27 Chop etish versiyasi

Faoliyatning ustuvor yo‘nalishi

Jizzaxda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Jizzax viloyati kengashi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi – faoliyatimiz dasturi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari, mahalliy Kengashlar deputatlari, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti viloyat hududiy bo‘linmasi vakillari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Harakatlar strategiyasida mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha hayotiy islohotlar, ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilab berilgani ta’kidlandi.

Davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini isloh qilish, iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish, ijtimoiy sohani taraqqiy ettirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish sohasidagi islohotlar xalqimiz hayotini yanada yaxshilashga qaratilgan ezgu maqsadlarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

– Harakatlar strategiyasining barcha yo‘nalishlarida ko‘zda tutilgan maqsad-vazifalar inson huquq va erkinliklari, manfaatlarini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya deputatlik guruhi rahbari B.Mamajonov. – Yurtimizning ertangi kuniga befarq bo‘lmagan inson, har bir fuqaro oliy maqsadlar ko‘zlangan Harakatlar strategiyasining mazmun-mohiyatidan xabardor bo‘lmog‘i lozim. Bu partiyamizning barcha darajadagi tashkilotlari va deputatlik birlashmasi zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi.

Har bir deputat o‘zi saylangan hududda Harakatlar strategiyasining mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilishi, shuningdek, aholi bilan muloqot o‘tkazish, mavjud muammolarni chuqur o‘rganish va ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqishda faol ishtirok etishi zarurligiga e’tibor qaratildi. Partiyaning barcha darajadagi birlashmalari, mahalliy Kengashlarga partiyadan saylangan deputatlar oldida turgan aniq vazifalar belgilab olindi.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
2 814






Все о погоде - Pogoda.uz