Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.09.2018 17:09 Chop etish versiyasi

Faoliyatga nima toʻsqinlik qilmoqda?

Faoliyatga nima toʻsqinlik qilmoqda? Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maslahat kengashining ilk yigʻilishida shu haqda maʼlumot berildi.

Unda mazkur maslahat kengashi aʼzolari, deputatlar, davlat va nodavlat tashkilotlar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida demokratik oʻzgarishlarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari rolini, ijtimoiy faolligini oshirish yuzasidan amaliy choralar koʻrilmoqda.

NNTlar faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun zarur institutsional baza yaratilgan.

Bugungi kunda faoliyat koʻrsatayotgan 9 ming 400 dan ziyod NNT jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilishda, ijtimoiy, madaniy va maʼrifiy maqsadlarga erishishda oʻz oʻrniga ega.

Oʻz navbatida, fuqarolarning siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirishda, ularning maʼnaviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarini qondirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining faol ishtirok etishiga toʻsqinlik qilayotgan qator muammo, kamchiliklar mavjud.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 4 maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni kelgusida yurtimizning har tomonlama jadal rivojlanishida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini tubdan oshirish, ularning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan hamkorligini kuchaytirishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Maslahat kengashi yigʻilishida farmonda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan masalalarga eʼtibor qaratildi. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari, normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqish va amalga oshirishga nodavlat notijorat tashkilotlarini jalb qilish darajasining pastligi taʼkidlandi.

Tadbirda mamlakatni iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy jihatdan yanada rivojlantirish boʻyicha innovatsion gʻoyalarini taklif qiladigan faol nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishda sustkashlikka yoʻl qoʻyilayotgani aytildi.

Nodavlat notijorat tashkilotlarining moddiy-texnika taʼminoti qoniqarsiz holatda. Turli sunʼiy toʻsiq va gʻovlar oʻrta, uzoq muddatli, keng koʻlamli loyihalar va dasturlarni amalga oshirishga imkon bermayapti.

Bu kabi muammolar tahlil etilgan yigʻilishda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning milliy modeli, shu asosda oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan strategik yoʻnalishlar boʻyicha holatni yaxshilash yuzasidan takliflar berildi. Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni tashkil etishga oid tavsiyalar ishlab chiqildi.

Barno Meliqulova, OʻzA
1 404