Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.01.2018 12:10 Chop etish versiyasi

O‘zbek akademigi Braziliyada bo‘lib o‘tadigan dunyo matematik olimlarining kongressida nimalar haqida gapirishini ma’lum qildi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 30-dekabr kuni mamlakatimizning bir guruh ilm-fan namoyandalari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi a’zolari, yetakchi oliy o‘quv yurtlari rektorlari bilan uchrashuvi kechagidek yodimda.

Uchrashuvda davlatimiz rahbari ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy-texnik salohiyati, kadrlar bilan ta’minlanganligi, moddiy-texnik, laboratoriya va tajriba bazasining hozirgi holati mamlakatimizning yuqori sur’atlardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasiga javob bermayotgani, Vatanimiz ilm-fani raqobatbardoshligini oshirish va uni taraqqiy etgan davlatlar ilm-fani darajasiga mosligini ta’minlash masalalari xususida kuyinchaklik bilan gapirgan edi.

Tadbirdan so‘ng ko‘p o‘tmay O‘zbekiston Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilanib, amalga oshirila boshlandi. Shuningdek, 2017-yil davomida yurtimizda maktabgacha, maktab, o‘rta maxsus va oliy ta’lim, akademik ilmni rivojlantirishga doir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, sohada izchil islohotlar amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 29-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolari hamda sobiq O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a’zolari va muxbir a’zolari faoliya­ti­ni yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari 2016-yilda boshlangan ishlarning uzviy davomi sifatida iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirishda akademik ilm-fanning rolini oshirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, ilg‘or ilmiy yutuqlarni amaliyotga joriy etish, joylarda ilmiy maktablarni mustahkamlash, tegishli hududiy va tarmoq muammolarini hal qilishda ularning faol ishtirokini ta’minlash, iste’dodli yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb etish, xalqaro miqyosda mamlakat ilm-fani nufuzini oshirishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.

Prezidentimiz farmoniga muvofiq, kamina ham fizika-matematika fanlari bo‘yicha O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib tasdiqlandim. Bu zamonaviy matematik-fizika sohasida ilmiy maktab yaratib, 20 ga yaqin fan nomzodi va doktori tayyorlashga hissa qo‘shganim va ilmiy izlanishlarimning e’tirofi, qolaversa, samarqandlik olimlar mehnatiga berilgan yuksak bahodir.

O‘z navbatida, mazkur rag‘bat zimmamga Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga xizmat qiladigan, iqtisodiyotimiz va jamiyatimiz hayotining barcha sohalarida innovatsion jarayonlarni jadallashtirishga hissa qo‘shish uchun katta mas’uliyat yukladi.

Faoliyat yo‘nalishlarim doirasida 2018-yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”ga doir takliflar ishlab chiqdim. Ilmiy-innovatsion sohada amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini targ‘ib qilish, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini ommalashtirish bo‘yicha maqsadli tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan vazifalar belgilab oldim. Jumladan, 2018-yil Samarqandda funksional analiz va zamonaviy matematik fizikaning dolzarb masalalariga doir xalqaro konferensiya tashkil etish, mazkur sohada besh nafar falsafa doktori tayyorlash, umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida innovatsiya va texnologiyalar borasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan uchrashuvlar tashkil etishni rejalashtirdik.

Joriy yil Braziliyada bo‘lib o‘tadigan dunyo matematik olimlarining kongressida mamlakatimiz matematiklari erishayotgan yutuqlar, amalga oshirayotgan fundamental tadqiqotlar haqida ma’ruza qilib, xalqaro ilmiy jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga hissa qo‘shish niyatidaman.

Saidahmat Laqayev,
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar
akademiyasining haqiqiy a’zosi,
Samarqand davlat universiteti
kafedra mudiri.

O‘zA
1 874