Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.05.2017 21:43 Chop etish versiyasi

Bo‘stonliq tumanidagi “Kamolot” oromgohida faol yoshlar mahorat oshirdi

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Kamolot” yoshlar oromgohida “Harakatdagi yoshlar” forumi bo‘lib o‘tdi.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida tashkil etilgan forumda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hududiy kengashlari raislari o‘rinbosarlari, tizimdagi matbuot xizmati mutaxassislari, yosh reportyorlar, “Yoshlar – siyosat bilimdoni” klublari koordinatorlari, tajribali jurnalistlar, tegishli sohalar bo‘yicha mutaxassislar ishtirok etdi.

Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, iste’dod va salohiyatini keng namoyon etishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yuksak samaralar berayotir. O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib erkin va ochiq fuqarolik jamiyati qurish, jamiyat hayotini yanada erkinlashtirish va demokratlashtirish, demokratik qadriyatlarni yoshlar ongiga chuqur singdirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining yuksak samaralarini berayotgani, istiqbolda bu yo‘lda yoshlar faoliyatini yanada jonlantirish muhim ekani qayd etildi.

– Uch kun davom etgan forum doirasida yosh jurnalistlar uchun media-trening hamda “Yoshlar – siyosat bilimdoni” klubi koordinatorlari uchun o‘quv oromgohi tashkil etildi, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi ijtimoiy-huquqiy loyihalar bo‘limi mudiri Ilyos Rahimov. – Harakatning hududiy kengashlari raislari o‘rinbosarlari, tizimdagi matbuot xizmati mutaxassislari, yosh reportyorlar hamda “Yoshlar – siyosat bilimdoni” klublari koordinatorlari faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan forumda 160 ishtirokchi qatnashayotgani forum ko‘lami kengayayotganini ko‘rsatadi.

Media-treningda yosh jurnalistlarga matbuot xizmati mutaxassislarining ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligini mustahkamlash, yoshlarga oid masalalarni yoritish bo‘yicha to‘plangan ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga mo‘ljallangan media loyihalarni ishlab chiqish, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar targ‘ibotida nimalarga alohida e’tibor qaratish lozimligi tushuntirildi.

“Yoshlar – siyosat bilimdoni” klubi koordinatorlari o‘quv oromgohi mahorat darslarida esa “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi imijini yaratish masalalari, nutq madaniyati va notiqlik san’ati, taqdimot o‘tkazish va auditoriya bilan ishlash kabi mavzularda mashg‘ulotlar olib borildi.

– Forum doirasida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda bilimimizni yanada boyitdik, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Qashqadaryo viloyati kengashi raisi o‘rinbosari S.Musulmonov. –Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar mazmun-mohiyatini olis qishloqlarda, chekka hududlarda targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratishimiz lozimligini o‘zim uchun belgilab oldim.

Forum ishtirokchilariga sertifikat va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA
841






Все о погоде - Pogoda.uz