Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.08.2017 17:23 Chop etish versiyasi

Faol va tashabbuskor qaynonalar

“Adolatli qaynona” ko‘rik-tanlovining Toshkent viloyati bosqichida Chirchiq shahridan Rohila Yorlaqayeva g‘olib bo‘ldi.

– Har qanday ona oilasi ahil, tinch-xotirjam va farzandu nabiralari baxtiyor hayot kechirishini istaydi, – deydi R.Yorlaqayeva. – Bunda qaynonalarning o‘rni alohida. Ular katta orzu-umidlar bilan xonadonga kelin bo‘lib tushgan yosh qizlarni o‘z farzandidek qabul qilishi, bilmaganini yotig‘i bilan o‘rgatishi, har qanday vaziyatda ham og‘ir, vazmin bo‘lishi lozim. Aynan shunday an’analarni qadrlovchi, boy hayotiy tajribaga ega, ziyoli, kayvoni onaxonlar va faol ayollar qatorida tanlovda qatnashganimdan xursandman.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tanlovda qaynonalarning mahalla va jamoat ishlaridagi ishtiroki, tashabbuskorligi, faoliyatida erishgan yutuqlari, siyosiy bilimi, oilaviy qadriyatlar, qaynona-kelin munosabatlari, farzand tarbiyasi bo‘yicha tajribasi baholandi.

Ana shu mezonlar asosida viloyatda eng namunali deb topilgan 12 qaynona o‘zaro bahslashdi. Yuqori Chirchiq tumanidan Mukarram Madiyorova ikkinchi, Bekobod tumanidan O‘g‘iloy Xolmatova uchinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.

Yuzlaridan nur yog‘ilib turgan onaxonlar tomonidan kuylangan qo‘shiq, lapar va o‘lanlar tadbirga yanada fayz bag‘ishladi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
1 261






Все о погоде - Pogoda.uz