O‘zA O`zbek

08.08.2018 19:53 Chop etish versiyasi

Faol tadbirkor – ijodkor nigohida

Faol tadbirkor – ijodkor nigohida Termizda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi hamkorligida tashkil etilayotgan “Faol tadbirkor – ijodkor nigohida” respublika ijodiy tanlovi taqdimoti hamda Prezidentimizning 2018 yil 27 iyundagi “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazildi.

O‘zLiDeP Surxondaryo viloyati kengashi tomonidan mustaqilligimizning 27 yilligiga bag‘ishlab “Vatanim – obod qo‘rg‘onim” mavzuida tashkil etilgan tadbirda partiya faollari, yozuvchi-shoirlar, jurnalistlar, yoshlar ishtirok etdi.

O‘zLiDeP Surxondaryo viloyati kengashi raisi vazifasini bajaruvchi A.Ro‘ziyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari M.Ollamurodov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari N.To‘rayev va boshqalar Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan izchil islohotlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yangi bosqichda rivojlantirish, innovatsion g‘oyalarni keng joriy etish va aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

“Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi navqiron avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini himoya qilish, bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik qobiliyati, g‘oya va tashabbuslarini rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.

– Faol tadbirkor va fermerlar nafaqat mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti, balki ijtimoiy-siyosiy hayotida ham yetakchi kuchga aylanmoqda, – deydi O‘zLiDeP viloyat kengashi mas’ul xodimi O‘.Oltiboyev. – Mazkur tanlov ham ularning yorqin siymosini yaratish, jamiyatimizda tutgan o‘rnini badiiy ifodalash, odamlar, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida faol tadbirkorlik madaniyatini shakllantirish, ishbilarmonlarning innovatsion g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, tadbirkor va fermerlarni ma’nan qo‘llab-quvvatlash kabi ezgu ishlarga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilmoqda. Bu yurtimizdagi kichik biznes vakillarini, yosh tadbirkorlarni ruhlantirib, ishbilarmonlar safi yanada kengayishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ochiq muloqotda “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturining mazmun-mohiyati, joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish va yoshlar bandligini ta’minlashdagi ahamiyati, “Faol tadbirkor – ijodkor nigohida” respublika ijodiy tanlovining asosiy yo‘nalishlari, o‘tkazish tartibi, muddati, ishtirok etish shartlari, g‘oliblar va faol qatnashchilarni rag‘batlantirish masalalari xususida fikr almashildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
3 149