Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.03.2017 18:02 Chop etish versiyasi

Ezgulikning mangu tantanasi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 28-fevraldagi «2017-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorini o‘qib...

Qushlar chug‘uri ko‘klam tongi xabarini olib keldi. Deraza tambalarini bo‘shatdim. Xonamga musaffo havo sizib kirarkan, ruhiyatimga-da bir tozalik singiganday bo‘ladi. Aslida har fasl – Yaratganning inoyati, tabiat mo‘jizasi. Biroq bahorga, baribir, o‘zgacha bir sog‘inch bilan intilamiz.

Kurtaklashga tayyorlanayotgan daraxtlar orasidan quyosh mo‘ralaydi. Zohiran uning yo‘lu manzili o‘zgarishsiz: har kuni Sharqdan G‘arbga yo‘l bosadi. Botinan quyosh har kuni o‘zini o‘zi yangilab boradi. Yilda necha kun bo‘lsa, bu yorug‘lik manbaidan shuncha xil taft olamiz.

Inson ruhiyatida ham hamisha yangilanishga katta bir ehtiyoj yashaydi. Qishda bodom gullasa yo quyosh qizdirsa yoki issiqxonada ismaloq ko‘karsa ham, o‘sha ma’naviy ehtiyoj o‘zini bildiraveradi. Har bahorda Navro‘z bayrami bizga ana shu mangu ma’naviy vazifamiz – o‘zimizni yangilab borish saodatidan saboq beradi. Ko‘klam o‘zini taftish qilayotgan, nima uchun tongda uyg‘onib, nega tunda uyquga yotishini anglashga urinayotgan qalblardan boshlanadi.

Qishni yenggan ko‘klam qudrati

Har qanday milliy bayram – xalqning olam va odamga estetik munosabati degani. Shu ma’noda Navro‘z xalqimizning tarixi, falsafasi, hayot tarzi, san’ati va madaniyati, mifologik, diniy va dunyoviy tafakkurini o‘zida birlashtirgan qomusiy ayyom.

Tarixiy manbalarda Navro‘zning yoshi 4-4,5 ming yil deyiladi. Biroq, nazarimda, bu bayram xalqimiz to‘rt fasl tugalligi, quyosh, oy, yulduz harakati, fasllar almashishi, tabiatga hamohang har insonning qalbida evrilishlar yuz berishini bilgan, o‘zini anglashni boshlagan kunda paydo bo‘lgan. Xalqimizning ko‘ngil tubidagi bobomeros xotiralar o‘zagi – qadriyatlar, xalq og‘zaki ijodi va marosimlarimiz bunga dalil.

O‘tgan davrda oradan qancha suvlar oqib o‘tdi: saltanatlar, din, tuzum va dunyoqarashlar o‘zgardi, qadriyatlar evrildi. Biroq Navro‘z bayrami xalqimiz qalbi va hayotidan o‘chmadi. Bilaks mazmunan boyidi. Xalqimizning ezgu orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etgan ulug‘ ayyomga aylandi.

...Metro bekatiga borarkanman, yon-atrofdagi shiddatli hayot oqimi bag‘riga chorlaydi: hamma yo‘lovchi – ishga, o‘qishga shoshadi. Rejalar ko‘p, maqsadlar yuksak. Bariga ulgurish kerak.

Shunda ziyoratgohlardagi sokinlik esimga tushadi. Qiziq, nega ziyoratgohlarimiz ko‘pincha tog‘larda joylashgan? Tag‘in quyosh xuddi kema kabi langar tashlaydigan cho‘qqilar poyida, buloq va daraxtlar bag‘ridan o‘rin olgan. Yaqinda bunga javob topdim. Aynan tog‘, chashma va daraxt xalqimizning mangu rohat-farog‘at manzili haqidagi azaliy tasavvuri va intilishlari ifodasi ekan. Ya’ni, jannatning zamindagi «loyihasi». U yerda hayotning asosiy to‘rt unsuri (quyosh, havo, suv va tuproq) birlashgan. Shu bois xalqimiz Navro‘z bayramini qadimdan ana shunday muqaddas maskanlarda nishonlab kelgan. Bunda zamonning shiddatli oqimida harakatlanayotgan har qaysi insonni bir lahza to‘xtashga, o‘zi va tabiat haqida o‘ylab olishga undaydigan kuch – inson tafakkuri qudrati.

Qaydandir esgan salqin shabada yuzimga urilib, sergak tortaman. Chamasi hali qishning bahor hukmronligiga ko‘nikishi qiyinroq kechmoqda. Biroq ora-sira esadigan sovuqlar behuda. Chunki tabiat uyg‘onmoqda. Ko‘klam jilovni qo‘lga olmoqda, yon-atrofda yasharish, yangilanish nafasi hukmron.

Kun va tun, bahor va qish, ezgulik va yovuzlik – ajdodlarimizning hayot haqidagi boqiy tushunchalari. Ko‘klam – yangi umidlarning kurtak chiqarishi, niyatlarimiz poklanishi, vujud va ruhning yangi kuch-g‘ayratga to‘lishi.

Ko‘klamdagi «Boychechak» marosimida boychechak tutgan echki niqobli jo‘raboshi va uning ko‘klam gullari bilan bezangan sheriklari (bahor) xonadonlardan bo‘ri niqobli kishi boshchiligida po‘stinni teskari kiygan odamlarni (qishni) haydagan. Yengilgan qish tarafdorlari avval xonadonni, so‘ng qishloqni tark etgan. Marosim yakunidagi shodiyonada barcha uyidan topgan noz-ne’matini olib chiqqan, barchasi katta qozonga solingan. Bu udum – «Qozonto‘ldi» deyilgan.

Yaxshi odam ko‘zidan, yaxshi yil Navro‘zidan ma’lum, deydi xalqimiz. Ota-bobolarimiz yil bo‘yi keladigan ob-havoni, shunga mos dov-daraxt hosilini Yilboshi qanday kelishiga qarab chamalagan. Donolar doim «Navro‘zdan keyin yoqqan qordan ehtiyot bo‘l», deyishi bejiz emas. Ikki-uch yil avval bunga barchamiz amin bo‘ldik. O‘sha yili bahor avjida kelgan sovuq izg‘irin daraxtlar hosiliga putur yetkazdi – meva-cheva kam bo‘ldi, tut anqoning urug‘iga aylandi.

Ko‘z tegmasin, bu yil hozircha bari bir maromda.

Yurakdagi shapaloq izi

...Metroda o‘sha tanish ovoz yangraydi: «Ehtiyot bo‘ling, eshiklar yopiladi...».

O‘tgan asrning 80-yillarida Navro‘z bayramiga boradigan yo‘llar bir muddat to‘sib qo‘yilgani yodga tushadi. Yo‘qsillarni birlashtirish haqidagi soxta g‘oyalari bilan dunyoga jar solgan sobiq tuzum «bakovullari» aslida xalqimizni milliy o‘zagidan ajratib, boyliklarimizdan uzoq vaqt foydalanishni ko‘zlagani, shu yo‘lda hatto tarixga qarshi borgani achchiq haqiqat. O‘sha vaqtlar necha mingyillik bayramimiz – Navro‘z o‘zining milliy mazmun-mohiyatidan uzoqlashtirilib, shunchaki, chigit ekishga kirishish tadorigi sifatida targ‘ib-tashviq qilingan. Uning o‘rniga soxta tantana – «Navbahor»ni joriy qilishga urinishlar bo‘lgan. Biroq xalqimiz ko‘ngli va e’tiqodi osmondan tushganday paydo bo‘lgan bunday soxta hashamlarni qabul qilmagan.

Vagonlar shiddati poyezddagi suhbatlarni, Surxondaryoga ketayotganimda, oltmishdan oshgan angorlik Yo‘ldosh Nasimov o‘sha suronli kunlar haqida aytib bergan bir voqeani esga soladi. Bu inson doim el-yurt to‘y-ma’rakasida choy qaynatgan ekan.

– Navro‘z taqiqlangan yili yupun-och bo‘lsak ham adirda sayil qilmoqchi bo‘ldik: sumalak qaynayotgan katta doshqozon yonida samovarga o‘tin tashlab o‘tirgandim, – deb eslaydi Yo‘ldosh aka. – Tumandan uch-to‘rt «shlyapali kattalar» kelib, «tarqalinglar, erta-indin kolxoz idorasida «Navbahor» bayramini nishonlaymiz», dedi. Odamlar ko‘nmagach, ulardan biri doshqozonni ag‘dardi, samovarni tepdi. Unga qarshilik qilgandim, kolxozimiz raisi yuzimga shapaloq tortib yubordi. Yig‘ladim. Ayniqsa, raisning mansab uchun xalq yonini olmagani menga alam qildi. Shukr, ko‘p o‘tmay, xalqimiz yonini oladigan Yo‘lboshchi maydonga keldi, adolat tiklandi. Yuzimdagi izlar-ku ketdi, lekin yurakda bir chandiq qoldi-da...

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan, hali sobiq tuzum tushovlari yechilmagan bir paytda, 1990-yil 21-mart kuni Navro‘z bayrami yurtimizda keng nishonlandi, uzluksiz telemarafon tashkil etildi. Yurtdoshlarimiz o‘sha kunni qanchalar orziqib kutgani bayram shukuhi muhrlangan televizion va bosma materiallarda o‘z ifodasini topgan.

1990-yil 3-may kuni yana bir tarixiy hujjat – «Navro‘z xalq bayramini o‘tkazish yakunlari to‘g‘risida»gi farmon imzolandi. Unga ko‘ra, 21-mart – yurtimizda Navro‘z umumxalq bayrami va dam olish kuni deb e’lon qilindi.

1991-yil 21-mart kuni Birinchi Prezidentimiz O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigini, harbiy qismlarda xizmatni o‘tayotgan yigitlarimizga Navro‘z salomini yo‘lladi. Jamiyatga xavfli bo‘lmagan yengilroq jinoyatlari uchun qamoq jazosiga hukm qilinganlar afv etildi.

Bularning barchasi – ezgulik, olijanoblik, insonparvarlik ifodasi bo‘lgan Navro‘zning yana xalqimizga qaytganidan dalolat edi.

Vera xolaning ushalgan niyatlari

Mana, qut-baraka, obodlik va farovonlik ramzi bo‘lgan Navro‘z faslida shahar-u qishloqlarimizda hasharlar boshlandi. Xalqimiz hamisha yaxshi niyatlar bilan ko‘chat ekib, bog‘ ko‘kartirgan. Ko‘chasidan o‘tgan barcha inson uning mevasi-yu soyasidan bahramand bo‘lishini istagan. Sharqona yangi yil arafasidagi hasharlar, ezgu tilaklar, taom yo pishiriqlar almashinuvi – xalqimizning asrlar osha bir-biriga yelkadosh bo‘lib yashab kelayotgani ifodasi. Bu hamisha bir-birimizga kerak ekanimizni eslatadi, o‘zaro totuvlik va inoqlik rishtalarini mustahkamlaydi.

Mustaqillik yillarida Navro‘z mamlakatimizda yashayotgan millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha vatandoshimiz orziqib kutadigan, tom ma’nodagi umumxalq bayramiga aylandi. Qolaversa, bugun asl milliy bayramimiz nafaqat yurtimizda, balki BMT Bosh Assambleyasining 2010-yil 23-fevraldagi rezolutsiyasi bilan jahonda keng nishonlanmoqda. 21-mart – butun dunyoda Xalqaro Navro‘z kuni! Nima uchun dunyoda shuncha milliy bayramlar bo‘la turib, aynan xalqimizning sharqona yangi yili – Navro‘z milliy sarhadlardan chiqib, dunyo bayramiga, umumbashariy qadriyatga aylandi? Chunki Navro‘z hamma davrda tinchlik, osoyishtalik, totuvlik, do‘stlik, yurtga, ona tabiatga mehr-muhabbat ifodasi bo‘lib kelgan.

Yaqinda ikki ayolning suhbati qulog‘imga chalindi. Biri rus, biroq o‘zbekcha gapirmoqda. Chamasi ular qo‘shni, ko‘p qavatli uyda yashashadi.

– Vera, Latifa aya uyida bug‘doy ko‘kartiryapti, – dedi ayol qo‘shnisiga. – Keyingi hafta sumalak. Hali yana xabar qilamiz. Esingdan chiqmasin.

– Nega esimdan chiqarkan, rosti, sumalakni sog‘indim, – dedi Vera xola. – Ishonsangiz, o‘tgan yili qozon kavlab aytgan niyatlarimning ko‘pi ushaldi...

Xayollarim yana uzoq-uzoqlarga ketadi: xalqimiz uchun nondan aziz ne’mat yo‘q – beshik ostiga non qo‘yiladi, o‘g‘il bolani sunnat qilayotganda, harbiy xizmat yo uzoq safarga jo‘natganda, non tishlatiladi. Non – qish batnida yetilib, ko‘klamda unib chiqqan va yozda pishgan bug‘doy mahsuli. Uni quyoshga mengzaymiz, rizq-baraka timsoli sifatida qadrlaymiz. Qish taomi halim – yanchilgan, ko‘klam ne’mati sumalak ko‘kartirilgan bug‘doydan tayyorlanishida ham teran ma’no bor. Xalqona etimologiyada sumalakni «qirq malak» tarzida tavsiflashga o‘rganganmiz, biroq Mahmud Qoshg‘ariy «Devoni lug‘atit turk» kitobida «suma» so‘ziga «undirilgan bug‘doy», deb ta’rif bergan. Ha, ajdodlarimiz bu taomlarni tayyorlar ekan, tana va ruh ehtiyojlarini baravar inobatga olgan. Ko‘klam taomlari bilan tabiatdagi yangilanishni o‘ziga singdirgan.

Olam eski, ammo odam qalbi yangi

...«Mustaqillik maydoni» bekati. Metrodan chiqayotgan odamlar xuddi sayilga otlanganday ko‘rinadi. Prezidentimiz qaroriga ko‘ra, bu yil Navro‘z bayrami yurtimiz bo‘ylab xalq sayillari tarzida nishonlanadi. Sayil – tabiatni kezish, olam va odam uyg‘unligini anglash demak. Bunda tomoshabin yo‘q, ishtirokchilar bor, inertlik chekinib, faollik kuchayadi, ma’naviy quvvatlar birlashadi, tafakkur yuksaladi, sof xayollar hayotga ko‘chadi.

Shu o‘rinda bir mulohaza: ko‘pincha Navro‘z kuni oila a’zolarimizga, yaqinlarimizga qanday sovg‘a olishni o‘ylab, boshimiz qotadi. Chunki Navro‘z har yili kelsa-da, har ko‘klamdan bir esdalik qolishini barcha inson xohlaydi.

Agar tadbirkorlarimiz ko‘klam va Navro‘z ifoda etilgan tasvirlar, ramzlar tushirilgan liboslarni, turli atributlar, nishonlar va boshqa sovg‘alarni ishlab chiqarsa, nur ustiga nur bo‘lardi. Sumalak, boychechak yoki qaldirg‘och tasviri tushirilgan sovg‘alar bilan nainki milliy bayramimiz, urf-odat va qadriyatlarimiz yoshlarimiz ong-qalbiga yanada chuqurroq singadi, balki farzandlarimizning chetdan «eksport» qilinayotgan, g‘araz maqsadlar bilan o‘ylab topilgan, «ommaviy madaniyat»ning turli «yangi bayramlar»iga chalg‘ishiga hojat qolmaydi.

Navro‘z qadriyati «axborot erasi»da ulg‘ayayotgan avlodga o‘zini tabiatning bir bo‘lagi sifatida anglash, bu o‘ziga, hayot mohiyatiga yaqinlashish zavqidan, bugun dunyo tanlayotgan yo‘l, insoniyatning kelajagini hal qiluvchi omil – innovatsiya madaniyatidan saboq beradi. Navro‘z – ezgulik zulmatni, yangilik eskilikni yenggan kun tantanasi. Shu kuni olamga hamohang inson qalbi, tasavvuri va tafakkuri ham yangilanadi.

Navro‘z falsafasi inson qalbidagi ajdodlar ruhiga ehtirom tuyg‘usini, obodlik madaniyati va bunyodkorlik salohiyatini tarbiyalaydi. Bizga har bir kunimiz imtihon ekanini eslatadi. Ichki “men”imiz oldidagi javobgarlik mas’uliyati, o‘zimizga daxldor vazifalarning millat sha’ni va el-yurt ravnaqi bilan o‘zagi birligidan dars beradi.

Biz Navro‘zni nainki o‘zi yo oilasi, balki el-yurti, insoniyat uchun tinchlik va farovonlik tilab duoga ochilgan kaftlarda ko‘ramiz.

Biz Navro‘zni oddiy muammosini hal qilish uchun tashkilotma-tashkilot chopib charchagan odamlar Xalq qabulxonasida bir tashvishidan qutilib shodon ko‘chaga chiqqanda, ko‘ksini to‘ldirib olgan nafasda ko‘ramiz.

Biz Navro‘zni g‘am-qayg‘u bois kipriklari namlangan odamlarga ulashilgan eng arzon va ayni paytda eng qimmat ne’mat – bir og‘iz shirin so‘zda, nuroniylarning yayrab suhbat qurib o‘tirishida, ko‘makka muhtoj bir odamning beg‘araz yordamdan ko‘ngli ko‘tarilib aytgan shukronasida ko‘ramiz.

Biz Navro‘zni otasi olib bergan shirinlikni oshnalari bilan baham ko‘rib, ezgulikdan porlagan murg‘ak nigohlarda, turli nizo va adovatlarni unutib, birlashgan qo‘llarda ko‘ramiz.

Biz Navro‘zni birovning haqqidan hazar qiladigan tarozida, o‘ziga munosib bilganni boshqalarga ham ravo ko‘radigan qalblarda, qizlarimizning musaffo tuyg‘ularini osmonga eltayotgan halinchakda, go‘daklar qalbidan boshlangan irmoqlarda, yigitlar ko‘ksida chaqnagan chaqmoqda ko‘ramiz.

Biz Navro‘zni bepoyon kengliklarga chiqib, ko‘m-ko‘k adirlar bag‘rida, musaffo osmonga boqib, «sobitu sayyora»da o‘zini bir zarra ekanini, olam o‘zgarishi uchun, avvalo, o‘zi o‘zgarishi kerakligini anglagan pok xayollarda ko‘ramiz.

Biz Navro‘zni o‘zining taraqqiyot strategiyalarini sobitqadamlik bilan amalga oshirayotgan O‘zbekistonning insonparvarlik siyosatida, buyuk maqsadlar sari charchamay, toliqmay tinimsiz mehnat qilayotgan xalqimizning hayot mazmunida ko‘ramiz.

Shunda Alisher Navoiyning o‘sha mashhur satrlari ong-qalbimizda jarang sochganday bo‘ladi: “Har tuning qadr o‘lubon, har kuning bo‘lsin Navro‘z”. Ha, olam eski, ammo odam qalbi doim yangi. Hayotimiz bog‘ini obod qilish ham, vayron qilish ham o‘zimizga bog‘liq, Umr Kitobining oppoq sahifalarini qanday yozishda hamisha tanlash imkoniyatimiz bor. Zotan, har qanday sharoitda o‘z qiyofasini yo‘qotmay, sabr va shukr bilan yo‘l bosgan, har qadamda botinan yangilanib, yasharib va poklanib yashashga intiladigan insonlarning tadbiri taqdirga mos kelaveradi.

Umid Yoqubov, O‘zA
3 087






Все о погоде - Pogoda.uz